Shu yil 29-iyul kuni Prezidentimiz Olmaliq shahriga tashrifi davomida “Jurabek laboratories” qoʻshma korxonasida ham boʻlib, Sputnik V hamda ZF-UZ-VAS2001 vaksinalarini ishlab chiqarish uchun yaratilgan texnik imkoniyatlar bilan tanishgandi.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatovaning maʼlum qilishicha, Sputnik V vaksinasini tayyorlovchi nomzod sifatida rossiyalik hamkorlarga Oʻzbekistondagi beshta yirik farmatsevtika kompaniyasi roʻyxati taqdim etilgan. Xorijlik mutaxassislar yurtimizga kelib, nomzodlarning ishlab chiqarish, dori saqlash salohiyati va boshqa zarur resurslar mavjudligi bilan tanishgan. Shundan soʻng “Jurabek laboratories” qoʻshma korxonasi vaksina qadoqlashga munosib deb eʼtirof etilgan.

Ayni paytda “Jurabek Laboratories” 48 million flakon infuzion eritma, 480 million ampula, 60 million quruq antibiotik, 20 million liofilizatsiyalangan dori vositalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Qoʻshma korxona tomonidan uch yuzdan ziyod nomdagi mahsulot, jumladan, pandemiya sharoitida ahamiyati tobora oshib borayotgan remdesivir, favipiravir, geparin, enoksaparin preparatlari ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, bu yerda qiymati 30 million dollarlik yangi loyihaga qoʻl urilgan boʻlib, uning doirasida inson tanasini yot antigenlardan himoyalovchi monoklonal antitanachalar shaklidagi dorilarni ishlab chiqarish moʻljallangan.

Ayni vaqtda QK tomonidan ikki turdagi vaksina ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan: Sputnik V hamda ZF-UZ-VAC2001 vaksinalaridir.

“Jurabek laboratories” Sputnik V vaksinasining ilk validatsion partiyasini quyish ishlarini amalga oshirdi. Vaksina sifat nazoratidan oʻtishi uchun N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markaziga joʻnatilib, markazdan ijobiy natija ham olindi. Bu esa “Jurabek laboratories” QK tomonidan vaksinani quyish ishlari yoʻlga qoʻyilishiga asos boʻlib xizmat qiladi.

Vaksinaning yurtimizda tayyorlanishi uchta muhim ahamiyatga ega.

Birinchidan, vaksina hozirgi pandemiya sharoitida mamlakatlarning strategik salohiyati va ishlab chiqarish quvvatini namoyon etuvchi muhim omil.

Ikkinchidan, vaksinani arzon narxda olish imkoniyatiga ega boʻlamiz.

Uchinchidan, vaksinani muayyan haroratda saqlash murakkab jarayon boʻlib, ozroq notoʻgʻri harakat ham emlanmaning sifatiga salbiy taʼsir etadi. Vaksina mamlakatimizda ishlab chiqarilsa, mana shu xavotirdan qutulamiz.