So'nggi vaqtda suhbatlar mavzusi koronavirus bo'lib qoldi. OAV, ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumotlar juda ko'p, lekin qaysi biri ilmiy faktlarga asoslangani, afsuski, ma'lum emas. SHu bois ham odamlar orasida kasallik va emlanish xaqida qarama-qarshi fikrlar mavjud. Dunyo aholisi hozir ikki tomonga ajralib qolgandek: vaktsinatsiya tarafdorlari va unga qarshilar.

Aslida kim aslida xaq va kim noxaq? Keling, o'tgan vaqtga nazar solamiz.

Koronavirus ilk aniqlangan kundan to hozirga qadar dunyoning barcha davlatlarida aniqlandi. Er yuzida bu kasallikdan 194 million inson aziyat chekdi va 4 million 160 ming holatda o'lim qayd etildi.

O'tgan davr ichida virus bir necha bor o'z shaklini o'zgartirdi, ya'ni mutatsiyaga uchradi. Avvalo, koronavirusning al`fa – britancha shtammi, so'ng beta – afrikacha shtammi, gamma – brazilcha shtammi, epsilon – amerikancha shtammi va hozir del`ta va del`ta plyus – hind shtammi aniqlandi.

Virusning mutatsiyaga uchrashi natijasida klinik belgilari o'zgarib, zararlash va yuqish tezligi ortdi. Aynan shu sababli ham davolash protokollari virus shtammiga qarab o'zgartirib kelindi. Hozir Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan sakkizinchi protokol asosida bemorlar davolanmoqda.

Davolash protokolidan joy olgan dorilar guruhi — antibiotiklar, gormonlar, virusga qarshi dorilar, qonni suyultiruvchi dori vositalaridir. YOrdamchi guruh dorilari esa zamburug'ga qarshi dori vositalari, vitaminlar, oshqozonni himoyalovchi dori vositalari va hokazo.

Aynan to'g'ri davolash natijasida o'lim ko'rsatkichini 22,5 foizdan 0,02 foizgacha kamaytirishga muvaffaq bo'ldik. Albatta, bunday natijaga erishish oson bo'lmadi. Davlatimiz rahbari boshchiligida Sog'liqni saqlash vazirligi, shifokorlar tomonidan olib borilgan sa'y-harakatlar kasallik ko'rsatkichini keskin pasaytirishga yordam berdi.

2021 yil yanvar` oyida esa umuman kasallanish qayd etilmagan kunlar ham bo'ldi. Lekin, afsuski, beparvolik, bepisandlik va albatta karantin qoidalariga rioya etmaslik kasallikni yana avj olib ketishiga sababchi bo'ldi. Bilib-bilmas, palapartish dori vositalarini uy sharoitida qo'llash kasallik asoratlarining kuchayishiga olib keldi.

Antibiotiklarni shifokor bo'lmaganlar tavsiyasiga ko'ra iste'mol qilish, katta dozalarda gormonal dori vositalarini uy sharoitida qabul qilish va osma ukollarni maqsadsiz olish kabi holatlar kasallikning og'ir kechishiga sabab bo'lmoqda.

SHu o'rinda eslatish joiz: antibiotik va gormonlar to'g'ridan to'g'ri viruslarga ta'sir ko'rsatolmaydi. Maqsadsiz da'volar tufayli o'zimiz virusning mutatsiyaga uchrashiga sababchi bo'lib qolmoqdamiz.

Virus o'zgaruvchan ekan, uni qanday engish mumkin?

Dunyo olimlarining so'nggi qarori bu: virusni engishni yagona va to'g'ri yo'li – vaktsinatsiya.

Vaktsinatsiya – kasallik qo'zg'atuvchisini kuchsizlantirilgan yoki oqsillari ajratib olingan holatda inson organizmiga kirgizishdir. Asosiy maqsad – inson immun tanachalariga kasallik qo'zg'atuvchini tanitib qo'yish.

Vaktsinatsiya jarayonidan o'tgan insonlarda immun tanachalar ishlab chiqarilib, virus inson organizmi bilan to'qnashsa, virusni immun tanachalar organizmga kirgizmasdan yo'q qiladi. Virus organizmga kirib bo'lgan taqdirda ham kasallikning engil o'tishiga sababchi bo'ladi.

Odamlar orasida shov-shuvga sabab bo'layotgan “vaktsinatsiya qilingan insonlar 2 yildan so'ng qirilib ketadi” yoki “vaktsina orqali insonga chip o'rnatiladi” degan gaplar noto'g'ri. Bu fikrlarning hech biri ilmiy asosini topmadi. Tarixga nazar solsak, vaktsinatsiya tufayli insoniyat qora o'lat, vabo, sil, bo'g'ma, poliomielit, meningokok infektsiyasi, qizamiq, qoqshol kasalliklaridan to'liq qutulishga muvaffaq bo'lganiga ishonch hosil qilamiz.

SHunday ekan, shifokor sifatida yagona fikrim, kasallikni engishning yagona va to'g'ri yo'li bu – vaktsinatsiya. Barcha yurtdoshlarimizni vaqtni boy bermay, vaktsinatsiya jarayonida faol qatnashishga chorlayman.

Nodir HAYDAROV,

Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori,

tibbiyot fanlari doktori, professor