Vaksina — bu yuqumli kasalliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun moʻljallangan tibbiy preparat. U zaiflashgan, oʻldirilgan mikroorganizmlardan yoki ularning genetik muhandislik, kimyoviy vositalar yordamida olingan antigenlaridan tayyorlanadi.
Emlash organizmda maʼlum xotira hujayralari paydo boʻlishi orqali moslashuvchan immunitet reaksiyasini ragʻbatlantiradi. Keyinchalik shu agent bilan infeksiyalanish tezkor immun reaksiyasini keltirib chiqaradi.
Vaksinalar mikrob (virus yoki bakteriyalar)ning zaiflashgan, zararsiz boʻlagi boʻlib, yuborilgandan soʻng immunitet tizimi tanaga kirgan mikrobni aniqlaydi. Unga qarshi kurashish uchun antitanachalar ishlab chiqarib, koronavirus bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi. Agar inson kelgusida ushbu mikrob taʼsiriga duch kelsa, immunitet tizimi uni qanday bartaraf qilishni biladi.
Vaksina tanada kasallikka qarshi immunitet ishlab chiqishga koʻmak beruvchi xavfsiz va samarali vosita sanaladi. Xastalikni davolashdan koʻra, emlash orqali oldini olish maqsadga muvofiq.
COVID-19 ga qarshi emlash pandemiyani jilovlashga yordam beradi. Vaksinalar immunitet tizimini mustahkamlab, yuqishi mumkin boʻlgan viruslarga qarshi kurashda ishtirok etadi. Biz emlanish orqali nafaqat oʻzimizni, balki atrofimizdagilarni ham himoya qilamiz.
Ayni kunlarda yurtimizda epidemik koʻrsatma asosida koronavirusga qarshi emlash ishlari olib borilyapti. Vaksinatsiya jarayoni joriy yilning 1-aprelidan boshlangan boʻlsa, oʻtgan vaqt davomida 10 million dozadan koʻproq vaksina ishlatildi. Bir million toʻrt yuz mingga yaqin odam shu kasallikka qarshi toʻliq emlandi.
Koronavirusga qarshi kurashayotganimizga bir yarim yildan oshdi. Oʻtgan yili kasallik avj olganda vaksina yoʻqligidan afsuslandik. Oʻsha paytda hammaning xayolida “qani edi vaksina boʻlsa” degan umid boʻlgan. Agar koronavirus pandemiyasi boshlangunga qadar vaksina yaratilganda, vaziyat bunchalikka bormasligi tayin edi.
Mana, vaksinaning bir necha turlari yaratildi. Uni qoʻllash kasallikning avj olgan paytiga toʻgʻri kelgan boʻlsa-da, vaziyatni yumshatishga ishonch katta. Shu nuqtayi nazardan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus bilan bogʻliq pandemiyada faqat emlashgina samara berishi mumkinligini qayta-qayta taʼkidlayapti.
Kuni kecha bir maqola oʻqidim. Germaniyada aholini koronavirusga qarshi emlash barobarida tadqiqot ishlari ham olib borilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, emlash orqali oʻlishi mumkin boʻlgan 38 ming kishining hayoti asrab qolingan. Immunitetni shakllantirish, kasallikning asoratlar bilan ogʻir kechishining oldini olishda vaksinaning oʻrni beqiyosligini shu misolda ham koʻrish mumkin.
Kasallikka chalinish tahlikali yoʻl ekanini hammamiz koʻrdik. Qancha-qancha tanish-bilishimiz, yaqinlarimizni yoʻqotdik. Bu kasallikka qarshi hali qancha vaqt kurashishimiz koʻp jihatdan imkon qadar koʻp aholini emlash bilan bogʻliq boʻlib qolayotir. Aholining 70 foizida jamoaviy immunitetni shakllantirmas ekanmiz, kasallikning yuqish zanjirini uza olmaymiz.
Biz 60–70 foizlik jamoaviy immunitetni oʻzimizga marra deb belgilasak, unga yetish uchun barchaning kasallanishini kutib oʻtirishimiz kerak emas. Shu nuqtayi nazardan, hukumatimiz, sogʻliqni saqlash vazirligi, sanitariya-epidemiologiya xizmati yurtimizga yetarli miqdorda vaksina keltirish boʻyicha barcha imkoniyatni ishga solyapti. Davlat tomonidan yetarli miqdorda mablagʻ ajratilgan. Demak, bizga imkoniyat yaratilyapti.
Bir narsani yoddan chiqarmasligimiz lozim. Dunyoda koronavirusga qarshi vaksinalarga nisbatan ishonch kuchaydi va shu bois, unga boʻlgan ehtiyoj keskin ortib ketdi. Shu kunga qadar dunyoda 4 yarim milliard dozadan koʻproq vaksina ishlatildi. Ayni paytda yurtimizda toʻrt xil vaksina qoʻllanilayotgani dunyo hamjamiyatidagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri deb baholanyapti. Kelgusida COVAX jamgʻarmasi orqali Johnson&Johnson, Pfizer vaksinalari ham Oʻzbekistonga olib kelinishi mumkin. Vaksina taʼminoti va emlash uchun barcha shart-sharoit bor ekan, bizdan faqat emlanish talab qilinadi, xolos.
Mana shunday tahlikali, xavotirli sharoitda bu yuqumli kasallikdan himoyalanish mumkinligini bila turib, unga eʼtiborsiz boʻlish — oʻzimiz, oilamiz va yaqinlarimizning salomatligini, hayotini xatarga duch qilish ekanligini unutmaylik.