Mamlakatimiz COVID-19ga qarshi emlashni amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrayotgani sababli, bugun BMTning Bolalar jamgʻarmasi YUNISEF poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206 ta Miniven-Labo avtomobillarini topshirdi.
Shu munosabat bilan oʻtgan tantanali marosimda Bosh vazir oʻrinbosari B. Musayev, Sogʻliqni saqlash vaziri A. Xadjibayev, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari M. Mamedzade va boshqa masʼullar ishtirok etishdi.
Taqdim etilgan transport vositalarining umumiy qiymati 2 million dollarni tashkil etadi. Ushbu mablagʻ Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyansi (GAVI) tomonidan sogʻliqni saqlash tizimini mukammallashtirish doirasida ajratildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Tadbirga soʻzga chiqqanlarning taʼkidlashicha, vaksinalarni maʼlum bir haroratni saqlagan holda tashish juda muhim. Buning uchun maxsus avtomobillarning topshirilishi esa sovuqlik zanjiri va logistika infratuzilmasini yana-da mustahkamlash hamda vaksinalarni mamlakat boʻylab xavfsiz va tezkor tashishga hissa qoʻshadi.
Shuningdek, COVID-19ga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish jadal olib borilayotgan hozirgi davrda ularni adolatli taqsimlash muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
— Hech kimni chetda qoldirmasdan COVID-19ga qarshi emlashni adolatli oʻtkazishga tayyorgarlik ketayotgan vaqtda Oʻzbekistonda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan bu yoʻnalishda hamkorlik qilishdan mamnunmiz, — dedi YUNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Ishonchim komilki, ushbu hamkorlik barcha hududlarda aholini vaksinatsiya ishlari bilan toʻliq qamrab olish sari yana bir qadam boʻladi.