Muloqot davomida aviakompaniya prezidenti Oʻzbekistonning Polsha uchun tobora muhim turizm va tranzit yoʻnalishiga aylanib borayotganini taʼkidladi. 2024-yil mart oyida Elchixona koʻmagida yoʻlga qoʻyilgan va hozirgi kunda haftasiga 4-marta amalga oshirilayotgan Varshava – Toshkent – Varshava yoʻnalishidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aviaparvozlar yuqori talabga ega ekani eʼtirof etildi.

2024-yil yakuni boʻyicha mazkur yoʻnalishda 75 mingdan ortiq yoʻlovchi tashilgani Markaziy Yevropa va Polsha aviabozorida Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish tobora oshib borayotganining yaqqol dalili sifatida qayd etildi.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat aviatsiya idoralari oʻrtasidagi amaldagi bitim asosida parvozlar sonini yaqin kelajakda har kunlik rejimgacha koʻpaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, “LOT Polish Airlines” tomonidan Samarqand shahriga yangi yoʻnalish ochish imkoniyatlari tahlil qilindi.

“Uzbekistan Airways” va “LOT Polish Airlines” oʻrtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xususan “Codeshare” kelishuvini imzolash, kargo tashuvlari sohasida ham sheriklikni kengaytirish masalalarini batafsil muhokama qilish maqsadida onlayn muzokaralar oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.