Uchib ketdi olamga Oqsaroydan oq xatlar,

Oq xatlar emas ular, sogʻinch, firoq, hasratlar,

Ruhu jonimga tutash mulki soʻngsiz sarhadlar,

Hazrat Sohibqironning toza niholi – Bobur.

 

Bori elga yaxshilik qilmoq nadir, bildik biz,

Siz Hind sori ketdingiz, siz sorigʻa yeldik biz,

Siz Vatanga keldingiz, siz tomonga keldik biz,

Oh, bunchalar yorugʻdir Vatan xayoli, Bobur.

 

Vatandan mujda kelsa, ayting qanda jon qoldi –

Shirin qovun taʼmidan na-da tanda jon qoldi,

Samarqandda dil qoldi, Andijonda jon qoldi,

Bir mard yurt deb yigʻlasa tutgay uvoli, Bobur.

 

Kishi gʻarib koʻnglini tushungaydir gʻurbatda,

Gʻurbat – bu gʻariblikdir, gʻam-anduhdir, albatta,

Inson bilmas ne sir bor, dunyo degan turbatda,

Idrok etdim, bu kimning javob-savoli, Bobur.

 

Toʻxtamaydi Jayxunday soʻzi – hayot kitobi,

Har koʻngilda mavj urar, uning shiddat, shitobi,

Mahshargacha yangragay haq yoʻlida xitobi,

Shundan doim balanddir dardu iqboli, Bobur.

 

Aytgan bilan tugamas, jon-jonimning jon soʻzi,

Vatanim, millatimning har oʻgʻloni, har qizi,

Hazrat bobolarimning qutlugʻ, muborak izi,

Humoyun ham Gulbadan, Komron, Hindoli Bobur.

 

Manim yonib aytganim bir xatti jahon boʻlgay,

Boʻyi koʻkka yetgan sarv, tik qaddi jahon boʻlgay,

Poydevori mustahkam, zoʻr saddi jahon boʻlgay,

Jannatlardan xush nasim – yurtim shamoli, Bobur.

 

Uchib ketdi olamga Oqsaroydan oq xatlar,

Oq xatlar emas ular, sogʻinch, firoq, oh xatlar,

Ruhu jonimga tutash mulki soʻngsiz sarhadlar,

Hazrat Sohibqironning toza niholi – Bobur.

 

Gʻayrat MAJID