Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat institutida 14-yanvar Oʻzbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan bayram tadbiri noanʼanaviylik kasb etdi. Ikki nufuzli oliygoh — Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda sanʼat va madaniyat instituti talaba yoshlarining birgalikdagi maʼnaviy tadbiri orqali jamiyatimizda sodir boʻlayotgan oʻzgarish va yangilanishlar milliy armiyamizning bugungi timsolida aks etayotganligiga alohida urgʻu berildi.

Vatanparvar yoshlar tashabbusi, xotin-qizlar faolligi, nuroniylar ibrati singari taʼlim-tarbiya mezonlarining keng jamoatchilik hayotiga oʻzgacha shukuh va koʻtarinkilik bagʻishlayotgan oliyjanob gʻoya — “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” mazmunidagi tabrik va qutlovlar tadbir mohiyati va maqsadini belgilab berdi.

Toshkent Tibbiyot Akademiyasining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Shuxrat Boymurodov hamda Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti prorektori Eldor Shermonovlar tabrigida Oʻzbekiston Qurolli kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan mazkur tadbir orqali birdamlik va hamjihatlikning tengsiz tantanasi, vatanga sadokatning eng oliy neʼmat ekanligi yana bir bor eʼtirof etildi.

Zero, Vatan himoyasi nafaqat vazifamiz, balki barchamizning muqaddas va sharafli burchimiz hamdir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi harbiy fakultet kursantlari, boʻlajak harbiy shifokorlar Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti talabalari tomonidan ijro etilgan badiiy-musiqiy chiqishlar, bayram tabrigi sifatida taqdim etilgan kuy-qoʻshiq, dilbar raqs va teatrlashtirilgan sahna asarlarini maroq bilan tomosha qildilar.

Ayniqsa, bayram tadbirining eng kichik ishtirokchisi M.Ulugʻbek tumanidagi 186-umumtaʼlim maktabining 3-sinf oʻquvchisi tomonidan ijro etilgan “Mendirman oʻsha” qoʻshigʻi Toshkent tibbiyot akademiyasi kursantlari va ishtirokchilar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi harbiy fakulteti kursanti Erali ijrosida Hamid Olimjon qalamiga mansub “Jangchi Tursun” balladasi yangraganida esa zalni gulduros qarsaklar tutdi.

Harbiy fakultet talaba yoshlari boʻlajak harbiy shifokorlarni sanʼatkor yoshlar samimiy tabriklarida ona Vatan madhi tarannum etildi, yurt sogʻinchi, el tinchligi yoʻlida jonini fido etgan yurdoshlarimizning cheksiz matonati kuyga solindi. Ota-bobolarimizdan meros jasorat ulugʻlandi. Soʻzga chiqqanlar kelajakda harbiy vrach kasbini egallab, sarhadlarimiz xavfsizligini himoya qilishdek sharafli yoʻlni tanlagan yoshlar, askar va zobitlar, harbiylar, milliy armiyamiz posbonlariga ezgu tilaklar bildirdilar. Tadbirda Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan bayramda ishtirok yetgan harbiy fakultet kursantlariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.