Nigina OʻKTAMOVA, boks boʻyicha jahon chempioni:
Oilada ikki qizmiz. Bilasiz, oʻzbek oilasida qiz bolaning oʻgʻil bolalarga xos jangovar sport turlariga qiziqishi kam uchraydigan holat. Toʻgʻri, Sharq yakkakurashlari, karate, taekvondo bilan shugʻullanadigan qizlar bor, lekin bokschi boʻlish — boshqa masala. Menga mana shunday oʻzgachalik nasib etgan. Chunki bolalikdan sportga qiziqishim baland edi. Ayniqsa, boks texnikasi, maxsus usullar majmuasi meni oʻziga tortardi. Turli jangovar vaziyatlarda muayyan taktik vazifalar, jang olib borish qoidalariga qiziqishimni koʻrib, bir kuni onam togʻamga: “Shu qizimni sport toʻgaragiga bermasam boʻlmaydi”, dedi. Shu gap sabab boʻlib, togʻam meni Ishtixon tumanidagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga olib bordi. Oʻshanda 8-sinfda oʻqirdim. Shundan buyon boks bilan shugʻullanib kelyapman.
Oʻtgan yillar koʻplab gʻalabalarga boy boʻldi. 2019-yili Jizzaxda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionati hamda Qozogʻistonda oʻtkazilgan xalqaro turnirda 1-oʻrinni egalladim. Oʻtgan yili Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan Osiyo chempionatida, Namanganda oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida ham birinchi oʻringa munosib koʻrildim. Bu yil Toshkentda boʻlib oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati, 20-21-fevral kunlari Chernogoriyaning Budva shahrida boʻlib oʻtgan “Adriatic Pearl” xalqaro turnirida muvaffaqiyat qozonib, yana oltin medal bilan taqdirlandim. Shu yilning 13-23-aprel kunlari Polshaning Kelse shahrida boks boʻyicha yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionati hayotimda yangi sahifa ochdi. Bahslarga boy oʻtgan chempionatda hindistonlik, tailandlik, rossiyalik, ukrainalik sportchilar bilan murosasiz kurashib, mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdim.
Jahon chempioni, deb eʼlon qilingan paytdagi hayajonimni koʻrsangiz edi! Vatanimiz bayrogʻi baland koʻtarilganda koʻnglimdan oʻtgan kechinmalarni hozir ifodalab berolmayman. Oʻzbekiston farzandi ekanimdan cheksiz gʻurur tuydim.
Yaxshi bilasiz, oʻzbek boks maktabi jahonda oʻz oʻrniga ega. Yurtimiz oʻgʻlonlarining jahon ringlaridagi zafarli yurishlariga dunyo ahli allaqachon tan bergan. Ularning Vatanimizga keltirayotgan shon-shuhratiga doim havas bilan qaraganman. Oʻzbek oʻgʻlonlari Alpomish, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud avlodlari ekanini dunyoga koʻrsatib qoʻydi. Oʻzim ham oʻzbek boksi tarixida qizlar oʻrtasida birinchi jahon chempioni unvoniga sazovor boʻldim. Bu bejiz emas, albatta. Har bir oʻzbek qizining tomirida Toʻmarisu Barchinoylarning qoni oqib turibdi. U doim gupurib, gʻalabaga undaydi.
Bugun kamtarona muvaffaqiyatim davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, “Nexia-3” avtomashinasi bilan taqdirlandim. Bu mamlakatimizda yoshlar sportiga, xususan, boksga qaratilayotgan katta eʼtiborning samarasi, deb bilaman. Biz, yoshlarga ishonch bildirib, barcha sharoitlarni yaratib berayotgan P rezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Aytgancha, mashinani otamga sovgʻa qildim. Uning orzularini roʻyobga chiqarganimdan, oilamga faxr olib kelganimdan nihoyatda xursandman.