“Vatanparvar” tashkilotining kinologiya bo‘yicha murabbiylari hamda xizmatchi itlari so‘nggi yillarda MDH, Osiyo va jahon miqyosida ushbu yo‘nalishda tashkil etilayotgan musobaqalar va ko‘rgazmalarda yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lib kelayotganligi jahon hamjamiyati tomonidan to‘liq e’tirof etildi.
Birgina misol, joriy yilning 15-22 fevral kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida o‘tkazilgan zotdor itlar bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmada “Vatanparvar” tashkiloti kinologlarining zotdor itlari eng yuqori baholarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, ko‘rgazma ekspertlari tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining svergshnauser, veo, biver-yorkshir teryer, pudel toy zotiga mansub itlari toza naslli hamda intellekt jihatdan talabga javob beradi, deya topilib, ularning kinologlariga maxsus sertifikatlar topshirildi. Itlar uchun belgilangan namunadagi diplomlar taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi (“NAVIGA”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning to‘la huquqli doimiy a’zosi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati