Mardonbekning oyoqqa turishi uchun barcha tezkor choralarni koʻramiz — Amrillo Inoyatov

    Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov xorijda jigar transplantatsiyasidan soʻng ahvoli yomonlashgan Mardonbekning onasiga qoʻngʻiroq qildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda jigar sirrozi tashxisi qoʻyilgan Kattaqoʻrgʻon tumanilik 2 yoshli Mardonbekka Hindistonda transplantatsiya operatsiyasi orqali jigar koʻchirib oʻtkazilgani, unga onasi donorlik qilgani, biroq hali chet eldan qaytmay turib, ahvoli ogʻirlashgan goʻdakning sogʻayishi uchun qoʻshimcha koʻmak zarurligi yuzasidan videomurojaat eʼlon qilindi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu xabar chiqqan zahoti holatni oʻz nazoratiga oldi.

    — Sal avval Hindistonda boʻlib turgan Mardonbekning onasi Yulduz Baratova bilan telefon orqali shaxsan gaplashib, unga bunday damlarda yolgʻiz emasligini aytdim. Biz onaning ham, bolaning ham qisqa muddatda sogʻayib, oyoqqa turishi uchun barcha tezkor choralarni koʻramiz, — dedi sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov.

    Qolaversa, ular Oʻzbekistonga qaytgach, davolanishi va reabilitatsiyasi bilan bogʻliq jarayonlarni toʻliq oʻz zimmamizga olamiz. Ular yurtimizdagi eng nufuzli klinika va tajribali mutaxassislar nazoratida boʻladi.

    Nafaqat jigar, balki inson boshqa aʼzolarining transplantatsiyasi — hozircha yurtimizda yangi oʻzlashtirilayotgan soha. Shunga qaramay, davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, buyrak, jigar, yurak kabi organlarni koʻchirib oʻtkazish boʻyicha mutaxassislarimiz mahorat va tajriba toʻplayapti.

    Hozir bu borada mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solib, xorijning ilgʻor klinikalari bilan hamkorlik oʻrnatganmiz. Chet elda mutaxassislarimiz malakasini oshiryapmiz.

    Shuni ishonch bilan aytamanki, bu saʼy-harakatlarimiz yaqin kelajakda oʻz natijasini koʻrsatib, bolalarning bunday murakkab va noyob operatsiyalar uchun vaqt va mablagʻ sarflab, xorijiy davlatlarga borishiga hojat qolmaydi.