Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev, Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi, Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi raisining oʻrinbosari Oybek Kasimov hamda tegishli vazirlik va idoralarning vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda dastlab 2019-yil 29-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4500-sonli qarorning ijrosini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyevning qisqa hisoboti tinglandi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida taʼlim va sport-taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlarda regbi boʻyicha boʻlimlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Fargʻona, Andijon, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida jami 33 ta qoʻshimcha seksiya va toʻgaraklar tashkil etilib, 500 nafardan ziyod sportchi jalb etilgan.
Regbi boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2020-2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Milliy Universitetning regbi boʻlimiga 36 nafar talaba, Jismoniy tarbiya va sport universitetiga esa 15 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan.
Sodiq Safoyevning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etib, sharafli oʻrinlarni egallab kelmoqda va Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida kuchli sakkizlikka koʻtarilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda regbini ommalashtirish va targʻib qilishga oid media-reja ishlab chiqilib, tasdiqlangan.
Shu bilan birga, yurtimizdagi sport maktablarining regbi boʻlimlarida oʻquv-mashgʻulot jarayonining samarali tashkillashtirilishini monitoring qilish tizimi joriy etilgan.
2020-yil 1-iyulda Regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev Yaponiyaning favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori va JAIKA vakili Takasaka Muneo bilan uchrashib, Yaponiya tomonining granti asosida 2 nafar murabbiyni Oʻzbekistonda ishlashga yuborishga doir kelishuvga erishdi. Shuningdek, qoʻshma musobaqalar va oʻrtoqlik uchrashuvlari tashkil etishga kelishib olingan.
Ilmiy-uslubiy ishlanmalar va ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda, regbi-7 va regbi-15 boʻyicha tayyorgarlik dasturlari, 600 dona “World Rugby” oʻquv qoʻllanmalari oʻzbek tiliga (kirill va lotin alifbolarida) tarjima qilindi va chop ettirilib, regbi boʻyicha seleksionerlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturi ishlab chiqilgan.
2020-yilning noyabr-dekabr oylarida Toshkent shahrida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida “Talabalar ligasi”, Regbi-7 boʻyicha Oʻzbekiston chempionati, Mudofaa vazirligi, Milliy Gvardiya, FVV, DXX va IIB xodimlari oʻrtasida Regbi-15 boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlari hamda 3 ta yosh toifasida “Oltin Oval” kubogini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Kun tartibidagi masala boʻyicha Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti masʼullarining hisoboti tinglandi.
Yigʻilish yakunida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Chorvoq qishlogʻida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari tomonidan oʻquv-mashq jarayonini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Regbi federatsiyasining sport bazasini qurishni 2021-yilda tegishli dasturga kiritish boʻyicha aniq ishlarni amalga oshirish belgilandi.
Taʼkidlash joiz, regbi boʻyicha milliy terma jamoalarning musobaqalarga munosib tayyorgarlik koʻrishi uchun poytaxtdagi Milliy Universitet stadionida zamonaviy talablar asosida taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.
Maʼlum qilinishicha, yaqin vaqt ichida “teg-regbi” har bir tumanda bittadan umumtaʼlim maktabining jismoniy tarbiya dasturiga kiritiladi va tanlangan maktablarning jismoniy tarbiya oʻqituvchilari uchun “teg-regbi” boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlanadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati