Kurash boʼyicha Аl-Hakim Аt-Termiziy xotirasiga bagʼishlangan turnir 1993-yildan boshlab har ikki yilda bir marta 28 yildirki uzluksiz oʼtkazib kelinadi. Birinchi musobaqada faqat mahalliy polvonlar ishtirok etishgan boʼlsa, 1995-yildan beri Termiz gilamlarida tashkil etiladigan musobaqada xorijlik polvonlar ham muntazam qatnashib kelishadi.

Shuni alohida taʼkidlash kerak, dunyo polvonlari orasida Аl-Hakim Аt-Termiziy xotirasiga bagʼishlangan Xalqaro turnirga boʼlgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda. Misol uchun, 1995-yili oʼtkazilgan musobaqada Termizga atigi 11 nafar xorijlik polvon kelgan boʼlsa, 2013-yili bu koʼrsatkich 28 nafarga yetdi. 2019-yili oʼtkazilgan musobaqada esa Аl-Hakim Аt-Termiziy xalqaro turnirida dunyoning 50ga yaqin davlatidan 95 nafar xorijlik polvon gʼoliblik uchun bellashdi.

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Аl-Hakim Аt-Termiziy xotirasiga bagʼishlangan XV Xalqaro turnirni yuksak saviyada oʼtkazishga bagʼishlangan ishchi guruh yigʼilishi videokonferentsiya shaklida tashkil etildi. Unga Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʼrinbosari Ravshan Ermatov raislik qildi.

Yigʼilishda turli vazirlik va idoralar hamda Surxondaryo viloyati hokimligidan masʼul xodimlar, Milliy olimpiya qoʼmitasi hamda Oʼzbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Maʼlumki, ushbu musobaqani yuqori saviyada oʼtkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martda 129–F-sonli Farmoyishi qabul qilingan va unga asosan joriy yilning 8-12- aprel kunlari Аl-Hakim Аt-Termiziy xotirasiga bagʼishlangan anʼanaviy xalqaro turnir 15-bor Termiz shahridagi “Аlpomish” stadionida boʼlib oʼtishi belgilangan.

Mazkur turnirda ishtirok etish uchun 50ta xorijiy mamlakatga taklifnomalar yuborilgan. Shulardan, bugunga qadar 20dan ortiq davlat musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan va Oʼzbekiston kurash federatsiyasiga oʼz talabnomalarini taqdim etgan. Аyrim davlatlar esa bugungi pandemik vaziyat tufayli musobaqaga kela olmasligini bildirdi.

Yigʼilishda onlayn tarzda ishtirok etgan Surxondaryo viloyati hokimining oʼrinbosari Chori Begimqulov mezbonlar tomonidan musobaqani bekamu-koʼst oʼtkazish borasida barcha tashkiliy masalalar koʼrilayotgani, shu maqsadda 10ta guruhdan iborat tashkiliy qoʼmita tuzilgani va ular muntazam yigʼilishlar oʼtkazib, kurash boʼyicha Аl-Hakim Аt-Termiziy xotirasiga bagʼishlangan XV Xalqaro turnirni har qachongidan yuqori saviyada tashkil etish choralari koʼrilayotganligini maʼlum qildi.

Yigʼilishda soʼzga chiqqan Oʼzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʼrinbosari, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komiljon Yusupov ham barcha vazirlik va idoralar, qolaversa Surxondaryo viloyati hokimligiga koʼrsatayotgan amaliy yordamlari uchun tashakkur bildirdi. Shu bilan birga Termizda ushbu musobaqani oʼtkazish borasida yetarlicha tajriba toʼplanganini taʼkidlab, tashkiliy masalalarda muammolar boʼlmasligiga ishonch bildirdi.

Bugungi pandemik vaziyatni inobatga olgan holda musobaqa karantin qoidalari asosida tashkil etiladi. Tomoshabinlar albatta niqobda boʼlishi, ular stadionga kirishi oldidan haroratlari oʼlchanib, qoʼllari dizenfiksiya qilinishi lozim.