Velomarafon oʻtkazildi

    Yoshlar kuni munosabati bilan 22 iyunda “Oʻzmetkombinat” AJ Yoshlar yetakchilar kengashi va kombinat Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkorligida 30 yoshgacha boʻlgan kombinat ishchi-xodimlari ishtirokida velomarafon oʻtkazildi.

    Mazkur tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad, avvalo, metallurglar oʻrtasida sportning ushbu turini yanada ommalashtirish, ishchi-xodimlarning dam olish kunini mazmunli oʻtkazish hamda ularni jismoniy harakatga jalb qilishdan iborat.

    Erkaklar va ayollar oʻrtasida alohida boʻlib oʻtgan velomarafon kombinat hududi boʻylab oʻtkazildi. Velosipedchilar Xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish boʻlinmasi yonidagi “Kasaba market” doʻkoni oldidan start olishdi. Murosasiz oʻtgan velomarofonda xotin-qizlar oʻrtasida Metall konstuksiyalar boʻlinmasi dastgohchisi Ganjina Sattorqulova marraga birinchi boʻlib yetib keldi. Erkaklar oʻrtasida esa Bosh mexanik xizmati muhandisi Rustam Rahimov gʻalaba qozondi. Musobaqa soʻngida gʻolib va sovrindorlarga kombinat diplomi hamda qimmatbagʻo sovgʻalar topshirildi.

    Ijroiya apparati hududidagi marra chizigʻiga yetib kelgan barcha ishtirokchilarga kombinat boshqaruvi va Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

    Ushbu tadbir yoshlar oʻrtasida yashil transportdan foydalanish borasida barqaror koʻnikmalarni shakllantirish, shu orqali atrof-muhitni muhofaza qilish, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va madaniyatni shakllantirish hamda jismoniy tarbiya va sportni yoshlarning kundalik turmush tarziga aylantirishga ham xizmat qiladi.

    Bahodir RAHMONQULOV