“Velosiped kuni” aksiyasida 700 nafardan ortiq yurtdoshimiz ishtirok etdi

    22-sentyabr – Xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan mamlakatimizda “Velosiped kuni” aksiyasi boʻlib oʻtdi.

    Prezidentimizning 2022-yil 1-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida hamda xalqaro sana munosabati bilan tashkil etilgan aksiyani Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Abdulla Aslonov ochib berdi.

    Sportni rivojlantirish vazirligining maʼlum qilishicha, aksiyada 700 nafardan ortiq hamyurtlarimiz faol ishtirok etdi, professional sportchilar bilan birga havaskorlar ham qatnashdi.

    Shuningdek, ushbu salomatlik tadbirida shu kunlarda yurtimizda mehmon boʻlib turgan MDHning jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga aʼzo mamlakatlar Kengash majlisiga taklif etilgan mehmonlar ham ishtirok etdi.

    Aksiya ishtirokchilari poytaxtimizdagi “Ashxobod” istirohat bogʻida 5 kilometr masofani velosipedda bosib oʻtdi.