Velosportchilarimiz ilk bor Olimpiya oʻyinlariga toʻrtta yoʻllanma qoʻlga kiritdi

    Sport 19 Oktabr 2023 1535

    Velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha Parij-2024 Olimpiadasiga reyting ochkolarini jamgʻarish davri yakuniga yetdi. Quvonarlisi, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan eʼlon qilingan reyting yakuniga koʻra, boʻlajak Olimpiadaga Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi 3 ta, erkaklar termasi esa 1 ta yoʻllanmaga sazovor boʻldi.

    Ayollar toifasidagi litsenziyalarning 2 tasi guruh poygasi, 1 tasi esa shaxsiy poyga dasturiga toʻgʻri keladi. Qizlarimiz 1942 ochko bilan ushbu siklda ishtirok etgan 103 jamoa orasida 17-natijani qayd etgan. Bu Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori koʻrsatkich boʻldi.

    Yigitlarimiz esa 1 228 ochko bilan 105 jamoa orasida 32-natijani koʻrsatdi. Bu ularga guruh poygasi yoʻnalishida 1 ta yoʻllanmani taqdim etdi. Qoidaga koʻra, barcha kvotalar terma jamoa uchun taqdim etilgan. Ushbu dasturlarda qaysi atletlarimiz Parij-2024 Olimpiadasida startga chiqishi keyinroq murabbiylar shtabi tomonidan maʼlum qilinadi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Qayd etish joiz, velosportchilarimiz Olimpiya oʻyinlariga birinchi bor 4 ta yoʻllanma qoʻlga kirityapti.