Bu haqda «Dunyo« AA xabar qilmoqda.
Taʼkidlash kerakki, ushbu byust Vengriya-Oʻzbekiston diplomatik aloqalari tarixida Oʻzbekistonga bagʻishlab Vengriyada ochilgan birinchi madaniy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu loyiha vengriyalik haykaltarosh Dyordji Lantos tomonidan amalga oshirildi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston madaniyat vaziri birinchi oʻrinbosari Avazxon Tojixonov, mamlakatimiz elchisi Oybek Shaxavdinov, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti rektori Shuhrat Sirojiddinov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda Vengriya tomonidan 100 dan ortiq mehmonlar, jumladan ushbu davlat parlamenti spikeri oʻrinbosari Shandor Lejak, Tashqi ishlar va savdo vazirligining xavfsizlik siyosati boʻyicha davlat kotibi Piter Staray, Madaniyat va innovatsiyalar vazirligining madaniyat masalalari boʻyicha davlat kotibi Magdolna Zavogya hamda siyosiy, madaniy doira vakillari, olimlar, jurnalistlar, diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Dastlab yigʻilganlar Navoiy byusti poyiga gul qoʻydilar.
Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Avazxon Tojixonov oʻz nutqida, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidentining bevosita tashabbuslari bilan Alisher Navoiyning boy ijodiy merosini chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
U, shuningdek, turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni taqdirlash maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi mukofot taʼsis etilgani aytib oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda Tokio, Seul, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Ostona, Boku, Ashxobod, Dushanbe, Oʻsh kabi shaharlarda Navoiyning haykallari oʻrnatilgan.