“VEON” kompaniyasi Oʻzbekistonda investitsiyalar hajmini koʻpaytiradi

    Investitsiyalar 2 Mart 2022 1893

    “Beeline” brendi ostida ishlaydigan “VEON” kompaniyasi Oʻzbekistonda investitsiyalar hajmini salmoqli darajada koʻpaytirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish choralarini koʻradi.

    Oʻzbekiston Respublikasi AKT vazirligi delegatsiyasining Barselona (Ispaniya Qirolligi)da boʻlib oʻtayotgan “MWC Barcelona-2022” Jahon mobil kongressida ishtirok etish doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov va “VEON” kompaniyalar guruhi bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda telekommunikatsiya tarmoqlarini, ayniqsa, olis va yetib borish qiyin boʻlgan chekka qishloq hududlarida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan investitsiyalar hajmini oshirish, IT-xodimlarni tayyorlash uchun xalqaro trenerlarni jalb etgan holda taʼlim loyihalarini amalga oshirish kabi mavzular muhokama qilindi.

    Shuningdek, mahalliy yoshlarni ishga joylashtirish orqali BPO (biznes jarayonlari autsorsingi) va KPO (bilim jarayonlari autsorsingi) xizmatlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirilishida “VEON” kompaniyasini bevosita ishtiroki masalasi ham koʻrildi.

    Uchrashuv davomida tomonlar taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, istiqbolli ilmiy-tadqiqot va startap loyihalarni moliyalashtirish, grantlar orqali tanlovlar oʻtkazish hamda IT-taʼlimga investitsiyalar hajmini oshirish kabi mavzularda fikr almashdilar.

    Shuningdek, “VEON” kompaniyasining 2022-yil 24-26-oktyabr kunlari Oʻzbekistonda AKT haftaligi doirasida boʻlib oʻtadigan “ICT Week Uzbekistan” xalqaro raqamli forumida ishtirok etish masalasi ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.