Veterinariya sohasida kadrlar tayyorlash tizimi xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda

    Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida bugungi kunda 22 ta'lim yo'nalishi bo'yicha 5407 bakalavr, 32 mutaxassislik bo'yicha 170 magistr tahsil olmoqda.

    Hozirda universitet xorijning 80 dan ortiq nufuzli oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlini yo'lga qo'ygan. Shuningdek, xorijlik 21 professor-o'qituvchi talabalarga dars berib kelmoqda. Xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan akademik almashuv dasturlari asosida Erasmus+, Twinning, Buznet, IAEA loyihalari doirasida joriy yilning o'tgan davrida 50 professor-o'qituvchi xalqaro darajadagi seminar va treninglarda ishtirok etib, tegishli sertifikatga ega bo'ldi.

    Yaqinda veterinariya meditsinasi ta'lim yo'nalishini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida AQSHning Minnesota universiteti bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi.

    Hamkorlik doirasida amalga oshirilgan eng katta natijalardan biri – veterinariya meditsinasi ta'lim yo'nalishining o'quv reja, fan dasturlari va malaka talablari takomillashtirilib mazkur yo'nalishda o'qish davomiyligi 5 yil etib belgilanlandi. endilikda 2022/2023 o'quv yilidan universitetga 1-bosqichga qabul qilingan talabalar mazkur yo'nalishda besh yil davomida tahsil oladi va malakali mutaxassis sifatida bakalar diplomiga ega bo'ladi.

    Minnesota universiteti bilan hamkorlik uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Jumladan, baholash, o'qitish va yangi o'quv dasturini ishlab chiqish. Har-bir bosqich gibrid model` yordamida O'zbekistondagi seminar va mahorat darslari, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professor-o'ituvchilarining Minnesota universitetiga qisqa va uzoq muddatli tashriflari va elektron ta'lim bo'yicha faoliyatni o'z ichiga oladi.

    2022-yilning yanvar-fevral oylarida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 8 nafar professor-o'qituvchisi Minnesota universitetida bo'lib, o'quv jarayonlari bilan yaqindan tanishib, tajriba almashib qaytdi.

    Loyiha doirasida Minnesota universiteti professorlari Maria Sol Perez va Meriy Katreyni xonimlar joriy yilning 7-11-noyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasida bo'lib, qo'mita raisi Bahromjon Norqobilov bilan O'zbekistonda veterinariya sohasida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida suhbatlashdi.

    – Ochig'ini aytsam, O'zbekistonda veterinariya sohasidagi boshqaruv tizimi yaxshi rivojlanmoqda. Ya'ni veterinariya va chorvachilik sohasi bo'yicha yagona boshqaruv tizimi orqali kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va buning pirovard natijasida tayyorlangan kadrlarni yuqori va quyi boshqaruv tizimlariga ishga joylashtirish mexanizmi juda to'g'ri yo'lga qo'yilgan, – dedi Maria Sol Perez xonim.Biz O'zbekistonda veterinariya ta'limini xalqaro standartlarga moslashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirgan holda, kelgusida O'zbekistondagi Veterinariya meditsinasi texnikumlari, oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot institutlarining o'zaro integratsiyasini ta'minlash, veterinariya mutaxassislarining malakasini oshirish, ta'lim sifatini yanada yaxshilash, professor-o'qituvchilar hamda yosh olimlarning xorijning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida malakalarini oshirish va akademik mobillikni kuchaytirish bo'yicha yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan hamkorlik loyihalarini davom ettirish niyatidamiz.

    Qo'mita raisi B.Norqobilov taklifi bilan Minnesota universiteti professori, Jahon hayvonlar sog'lig'ini himoya qilish tashkilotining Hayvonlar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi referens markazi direktori o'rinbosari Maria Sol Perez xonim O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisining Veterinariya ta'limi, ilm-fan va innovatsion faoliyat masalalari bo'yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

    Mehmonlar tashrif davomida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham bo'lib, professor-o'qituvchilar uchun mahorat darslari o'tdi. Talabalar bilan qizg'in uchrashuvlar, treninglar va o'quv seminarlarini olib bordi. SHuningdek, Minnesota universitetining professorlari tomonidan joriy yil 31-avgust – 9-noyabr kuniga qadar ta'lim berish sifatini oshirish bo'yicha o'tkazilgan onlayn seminar yakuni bo'yicha Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 20 nafar professor-o'qituvchisiga sertifikatlar topshirildi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professor X.Yunusov bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Tadbir yakunida O'zbekistonda veterinariya ta'limining sifatini yanada oshirish, oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, o'quv adabiyotlarining yangi avlodini hamkorlikda ishlab chiqish bo'yicha ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professor-o'qituvchilari va tadqiqotchilari Minnesota universitetining elektron kutubxonasiga to'g'ridan-to'g'ri ulanishi uchun imkoniyat yaratildi.