Joriy yil 18-20-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri B.Saidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Vetnam poytaxti Xanoy shahriga boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida 19-mart kuni ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida Oʻzbekiston-Vetnam biznes forumi hamda B2B formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari hamda 100 dan ortiq yirik vetnam va oʻzbek kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Forum doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi.
Tadbir yakunlari boʻyicha, ikki davlat ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Vetnam Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida Vetnamning Xoshimin shahrida Oʻzbekiston-Vetnam qoʻshma savdo uyini ochish boʻyicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.