Uchrashuvda Oʻzbekistonning BMT va uning institutlari, xususan, UNAMA bilan oʻzaro hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi.

V.Norov BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos keladigan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Afgʻonistondagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi. M.Potsel Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini yuqori baholadi. Anjuman afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalari boʻyicha xalqaro hamjamiyatning umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish uchun muhim asos yaratadi.

Bu galgi konferensiya Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishdagi muhim va oʻzgarmas rolini yana bir bor tasdiqlab, Oʻzbekiston tomonining Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy tiklashga qoʻshgan hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilganidan dalolat berishi taʼkidlandi.

UNAMA rahbarining soʻzlariga koʻra, Toshkent forumi jahon hamjamiyatining asosiy talablarini afgʻon hukumati tomonidan bajarilishi boʻyicha samarali xalqaro muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun muhim platforma boʻlganini taʼkidladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.