Uchrashuvda Oʻzbekiston va YeXHT oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekiston-Polsha munosabatlarini yanada faollashtirish masalalari muhokama etildi.

Tashkilot faoliyatining barcha uch ustuvor yoʻnalishi boʻyicha YeXHT institutlari bilan hamkorlik jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, demokratik institutlarni rivojlantirish, saylov qonunchiligini takomillashtirish va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

YeXHT vakillari oʻzaro manfaat kasb etadigan sohalarda qoʻshimcha aniq loyihalarni ishlab chiqish orqali Oʻzbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Polsha oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda jadal rivojlanib, kengayib borayotgani taʼkidlandi.

Polsha ishbilarmonlarining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlik salohiyatidan yanada faol foydalanishga qiziqishi ortib borayotgani alohida taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan Polshaning yetakchi kompaniyalari delegatsiyalarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chogʻida mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari ham koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda 2022-2026-yillarga moʻljallangan madaniyat, fan, oliy taʼlim, maʼrifat va sport sohalaridagi Hukumatlararo ijro dasturi imzolandi. Hujjatda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston TIV rahbari OAV vakillari bilan muloqot oʻtkazdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.