Hududga ichkarilab borar ekansiz, qafaslarda turli qitʼalardan keltirilgan sherlar, boʻrilar, arab otlari, ayiq, zebra, gavaya makakalari, emu tuyaqushi, oqqushlar, suv osti jonzotlari va boshqa xil jonivorlarni uchratasiz. Bogʻning ish yurituvchisi Abubakr Halilovning maʼlum qilishicha, jonivorlar asosan Afrikadan keltirilgan boʻlib, ularga toʻrt nafar maxsus mutaxassis biriktirilgan: ikki nafari salomatligiga, ikki nafari esa oziq-ovqatiga javobgar.

– Hamma jonivorning parvarishlanishi har xil. Masalan, bogʻimizdagi sher yaqinda farzandli boʻldi va kichik sherni tugʻilganidan toʻrt kun oʻtib onasidan ayirdik. Nega deganda ona sher qizgʻanchiq boʻlib, hatto erkalab ham bolasini gʻajib qoʻyishi mumkin. Xasiki nomli kuchuk ham shunday. U yaqinda oltita kuchukchani dunyoga keltirdi. Ushbu noyob kuchukning bir donasi jahon savdosida 800 AQSH dollar atrofida baholanadi. Umuman, har bir jonivor oʻziga yarasha noyob. Shu sabab ularning har birini oʻta ehtiyotkorlik bilan nazorat qilamiz. – deya qoʻshimcha qiladi A.Halilov.

Bogʻning yuqori qismida kelgan mehmonlar uchun turli koʻrinishdagi atraksionlar, salqin ichimliklar va muzqaymoq kafesi, avtodrom va batut majmuasi, dorbozlar maydoni mavjud.

Maʼlumot uchun, ikki yil avval – bogʻ ishga tushirilish arafasida mumkin boʻlmagan holatda, yaʼni mast holatda qafasga kirgan soqchiga kutilmaganda sher tashlangani va oʻtkir jarohatlar oqibatida soqchi vafot etgani toʻgʻrisida xabarlar tarqalgan edi. Bu xabar nafaqat ommaviy axborot vositalarining, balki keng jamoatchilikning diqqat-eʼtiborini tortgani sir emas. Ushbu voqeadan soʻng bogʻ maʼlum muddatga yopilgan va rahbariyat yangilanib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgach foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda Hayvonot bogʻining har tarafiga jami 350 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan va soqchilar soni 12 nafarga koʻpaytirilgan.

Yulduz OʻRMONOVA