Voleybol boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Toshkentda oʻtayotgan Osiyo chempionatida yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Hamyurtlarimiz pley-offdagi ikkinchi uchrashuvda eronlik tengqurlariga qarshi bahs olib bordi.
Murosasiz bellashuv Eron jamoasining 3:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Voleybolchilarimiz guruh bosqichini 1-oʻrinda yakunlashgani, parallel bahsda yarim finalga yana bir daʼvogar – Yaponiya Qozogʻistonga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergani va boshqa qoʻshimcha koʻrsatkichlar evaziga yarim final yoʻllanmasiga sazovor boʻldi. Endi jamoamiz bugun final va jahon chempionati chiptasi uchun Pokistonga qarshi maydonga chiqadi.