Bolaligimdan dengizni yaxshi koʻraman. Lekin ona Vatanimni undan koʻproq sevishimni keyin bildim. Oʻzim orzu qilganimdek qirgʻogʻi koʻrinmaydigan daryo boʻyidaman. Suv jimirlab koʻngilni sururlantiradi. Mehmonxonaning derazasidan Volga daryosi koʻrinib turishi yana ham yoqimli.
Erta tongda turib daryo boʻyini aylandim. Top-toza havodan sipqorib nafas olarkanman, Baxmal togʻlarini qoʻmsayotganimni sezib qoldim. Qoyalar ustida qishloqni tomosha qilish, ota uyni topish qanchalar maroqli!? Dunyobexabar koptokning ortidan chopishlar, xayolan ninzyaga aylanishlar, kamon yasab hind filmlariga taqlidan nishonga olishlar, futbol chogʻi bexosdan janjallarga sabab boʻlish, qor oʻynash, muz qoplagan qirda toyish...
Keyin ulgʻayib qoldik. Toʻgʻrirogʻi majbur boʻldik. Bolalik bizni tark etayotgandi. Keyin oʻzim qishlogʻimni tark etishimga toʻgʻri keldi. Musofir boʻlib yurganimga 20 yildan oshibdi. Har gal uyga borsam rizqimiz sababi boʻlgan besh panjali buloqqa borib, ziyorat qilaman. Zilol suvidan qonib-qonib ichaman. Qaytib shu yerlarga kelganimga shukr qilaman.
Karantin boʻlib, uydan chiqish taʼqiqlangan, boshqalar ishga bormay turgan bir pallada xalqaro armiya oʻyinlarini yoritish uchun Rossiya Federatsiyasiga xizmat safariga boradigan boʻldik. Samolyot qoʻzgʻalib, zamin bulutlar ortidan koʻrina boshlagandan keyin, taqdirning taqozasini angladim.
Har bir insonning yaqinlari yurak hovuchlab qolganini yashirishga hojat yoʻq. Koronavirus xavfi, hamma bir-biridan hadiksiragan. Samolyotda jamlangan harbiy xizmatchilarni yagona maqsad – gʻalaba bilan qaytish fikri birlashtirardi.
U yerda bir oiladek boʻlib qoldik. Kattalarning dashnomi ham mehrli. Bizni oʻylab koyishadi. Ikki-uch kun oʻtmay yaqinlarni sogʻina boshladim. Haftada bir gaplashib, gaplashmaydigan qarindoshlarni hol-joniga qoʻymayman: yozinglar, rasm yuboringlar...
Erta turib yugurishga chiqamiz. Oʻzbek yigit-qizlarini koʻrsak, sevinamiz. Musofitr yurgan partadosh sinfdoshim bilan koʻrishdik. Birga shahar aylandik. Choyxonaga kirib yegan oshimiz yurtdagidek shirin boʻlmasa ham qadrli.
Saratov Moskvadan samolyotda bir soatlik yoʻl ekan. Gapning indallosida aytganimdek, mehmonxona shundaygina Volga daryosining boʻyida. Derazadan qayta-qayta tashqariga qarayman. Orolga oʻtkazuvchi koʻprik tunda yana ham chiroyli koʻrinadi. Tongda odamlar badantarbiya bilan shugʻullanib yuribdi. Yugurgani qaysi!?
Har bir hujayrangizning nafas olayotganini his qilasiz.
Shu asnoda yurak bir entikib, tugʻilgan manzillarni, yaqinlarni qoʻmsaydi. Dunyo qadamingga poyondoz boʻlsa ham koʻzingga koʻrinmaydi. Vatanga yaqinlashishni oʻylashning oʻzi hayajonli. Endi koʻproq qaytish haqida suhbatlasha boshladik.
— Xizmat safariga bir oy koʻp ekan...
— Oʻrigidan danagi shirin, nabiramni sogʻindim.
Yaqinlarga sovgʻa-salom olish musobaqaga aylanib ketdi, goʻyo. Oʻzbekona mehr taftidan dilingiz yayraydi. Vatanni sogʻinasiz. Mashinalar bisyor shahar, cheku chegarasiz oʻrmonlar, jilvalangan daryolar oʻziga jalb qilmay qoʻyadi. Baxmalimga borib, zilol chashmaning muzdekkina suvidan bir piyolagina ichishni qoʻmsayman.
Xalqaro armiya oʻyinlari ishtirokchilari 32 ta ishtirokchi mamlakat orasida umumjamoa hisobida faxrli 3-oʻrinni egalladi. Safar poyoniga yetib, samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga qoʻnishi bilan oʻtirganlar xursandchiligidan qarsak chalib yubordi. Charchoqlar unutildi. Ona Vatan havosidan toʻyib-toʻyib nafas oldik.
Aziz NORQULOV