Wizz Air aviakompaniyasi Oʻzbekiston shaharlariga parvozlari geografiyasini kengaytiradi

    Transport 28 Aprel 2023 1831

    Toshkentda “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Raʼno Djurayeva va Wizz Air Group kompaniyasi prezidenti Robert Keri oʻrtasida ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga oid qator masalalar koʻrib chiqildi. Xususan, Wizz Air aviakompaniyasining Oʻzbekiston shaharlariga parvozlari geografiyasini kengaytirish va Toshkentga parvozlar chastotasini oshirish, Yevropa davlatlariga yangi yoʻnalishlarni joriy etish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil dekabr oyidan boshlab Vengriyaning WizzAir loukoster aviakompaniyasi birinchi marta Samarqandga muntazam parvozlarni amalga oshira boshlagan edi. Joriy yil yanvar oyidan boshlab aviatashuvchi Abu-Dabi va Toshkentni toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar bilan bogʻladi.