Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi Fargʻona tarixida yangi sahifa ochdi desak yanglishmaymiz.

Prezidentimiz viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida “Taʼkidlash joiz, hozir mahalliy kengashlardagi hamma deputatlar ham oʻz vakolati darajasida faoliyat yuritmayapti. Xalq noiblari deputat degan maqomga munosibmi”, dedilar.

“... vijdonimiz oldida javob beraylik: xalq vakillari bir oyda, uch oyda, olti oyda, bir yilda mahalliy kengashlarga nechta taklif berdi? U taklif elimga, mahalladoshlarimga, tumanimga nima manfaat olib keldi, degan savolga afsuski, ijobiy javob yoʻq”, dedi davlatimiz rahbari.

Bu fikrlar biz, deputatlarni yana-da faol, qonun ijodkorligi, yurtdoshlarimiz bilan hamisha hamnafas boʻlishga undadi. Endilikda, biz barcha mahalliy Kengash deputatlarimiz bilan oldimizga tizimli ishlarni belgilab oldik. Zero, xalq bilan muloqot inson manfaatlarining yuksalishiga olib keladi. Yaʼni, muloqot va manfaat tushunchasi xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilga asoslanadi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidagi asosiy vazifalar davlat organlarining fuqarolar bilan oʻzaro munosabatlarining tubdan takomillashishiga zamin boʻlib, aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini topish uchun imkoniyat yaratadi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, “Deputat boʻlish, xalq ishonchini qozonish va uni munosib ravishda oqlash – bu oson emas. Bunday sharaf har kimga ham nasib etmaydi. Deputat – fikri zikri bilan xalqqa eng yaqin odam, doimo el-yurtning tashvish va muammolari bilan yashaydigan, katta bilim va tajribaga ega boʻlgan shaxs”.

Xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish, hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish bugungi kunimizning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Qolaversa, bu jarayon har bir rahbarga alohida masʼuliyat yuklaydi, xalq dardi bilan yashash, muammolariga yechim izlashga undaydi.

Nafisaxon Elchiyeva,

Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi kotibiyati mudiri,

Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati.