Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va viloyatlardagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 318 ming 559 ta murojaatning 302 ming 527 tasi koʻrib chiqilib, 287 ming 489 tasi qanoatlantirilgan, 206 719 tasi ijobiy hal etilgan. Aholi tomonidan bildirilgan ushbu masalalarning 1 ming 310 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Xalq qabulxonasiga kelib tushgan boʻlib, ularning 1 ming 51 tasi yoki 80,2 foizi ijobiy hal qilingan.
Shunday ekan, Xalq qabulxonalari bu yoʻnalishdagi konstitutsiyaviy normalarni hayotga joriy etishga, xalqimizning asriy orzularini roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda barcha darajadagi rahbarlarning fuqarolar bilan ochiq, oshkora muloqoti yoʻlga qoʻyilib, aholining haqli talablarini hal etish va ehtiyojlarini aniqlash, hayotidan rozi boʻlib yashashiga koʻmaklashish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ulugʻvor gʻoya rahbarlarning murojaatlar bilan ishlash masʼuliyatini oshirdi. Keyingi besh yilda yuz bergan bu yangilanishlar odamlarning bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq yashashga boʻlgan ishtiyoqini roʻyobga chiqarish uchun qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi.
Endilikda hayotning oʻzi aholi murojaatlariga munosabatni tamomila oʻzgartirib, hatto ularning ijrosi qay darajada bajarilayotganini chuqur tahlil qilishni taqozo etmoqda. Natijalari hokimlik yigʻilishlarida, mahalliy kengashlar sessiyalarida muhokama etilmoqda, bularning barchasi yurtimizda qisqa davrda yuz bergan beqiyos yangilanishlar, shu jumladan, ochiqlik va oshkoralikning amaldagi samarasidir.
Bundan besh yil oldin bir tuman yoki shaharda bir yilda mingdan ortiq insonning muammosi yechim topganini tasavvur qilarmidik? Yoki odamlar duch kelgan masalasini rahbarlar oldiga tortinmasdan koʻndalang qoʻya olarmidi? Yoʻq, albatta. Chunki, yurtimizda aholi murojaatlarini tinglash va hal etishga hozirgidek eʼtiborning oʻzi yoʻq edi.
Xoʻsh, Buxoro viloyat Qorakoʻl tuman fuqarolari qanday yoʻnalishlar boʻyicha Xalq qabulxonasiga koʻproq murojaat etmoqda? Tahlillarga koʻra, yilning oʻtgan davrida 89 ta sud masalalariga oid, 71 ta ichki ishlar faoliyatigi oid, 111 tasi prokuratura faoliyatigi oid, 64 ta aliment masalalariga oid, 15 ta sud ijrosiga oid, 75 ta sogʻliqni saqlashga oid, 44 ta pensiya tayinlash va nafaqa pullarini olishga oid, 24 ta maktab taʼlimiga oid, 43 ta uy-joy bilan taʼminlash yoki yer ajratish masalasiga oid, 99 ta ish bilan taʼminlash masalasi yuzasidan, 3 ta oliy taʼlim masalalariga oid, 93 ta kredit olish, 33 ta bank-moliya masalalariga oid, 70 ta gaz, elektr va suv taʼminotiga oid, 48 ta yoʻl-qurilish bilan bogʻliq, 15 ta soliq toʻlovlari oid, 20 ta qurilish sohasiga oid, 70 ta moddiy yordam olishga oid, 495 ta boshqa masalalarga oid boʻyicha murojaatlar kayt etilgan. Ichimlik suv va elektr energiyasidagi muammolar, uy-joyni taʼmirlash, davolanishga koʻmaklashish, moddiy yordam,tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun kredit olish va yer ajratish bilan bogʻliq murojaatlar ham anchani tashkil qildi.
Masalan, Tumanning chekka hududida istiqomat qiladigan, (ismini yoritilishini istamagan) fuqaro Xalq qabulxonasiga murojaat etib, qizining koʻzi ogʻrib kasallanib koʻp yil davolanganligi, ammo baribir koʻzi sogʻaymaganligi, topayotgan daromadi qizini davolatishiga yetmayotganligi, shu sababli qiziga nogironlik guruhi belgilatib, nafaqaga chiqarishga majbur boʻlganligi, nogironlik guruhi belgilatish uchun tegishli idoralarga xujjat topshirganligi, lekin xujjatlari koʻp muddatdan buyon tasdiqlanmasdan, Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilmay qolib kelayotgonligini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Dastlab murojaatni tezkorlik va holisona oʻrganish uchun tegishli soha mutaxassislari hamkorligida ishchi guruh tuzilib murojaat fuqaroning ishtirokida oʻrganilib, hujjatlardagi kamchiliklar bartaraf qilindi, uning qiziga bolalikdan nogironlik nafaqasi tayinlanishi taʼminlanib, murojaat ijobiy hal qilindi.
Yangizamon mahallasida yashovchi fuqaro Boltayev Murotboy va boshqalar mahallaning ichki yoʻllarga tosh toʻkib taʼmirlash masalasida murojaat qildi. Ular oʻrtaga tashlagan bu masalalar oʻrganilib, ichki yoʻllarga tosh toʻkilib, taʼmirlandi. Hududda qulaylik va imkoniyatlarga ega boʻlgan zamonaviy mahalla maskani barpo etildi. Qorakoʻl tumani markazidan 25 km. masofada joylashgan “Yangizamon” mahallasida istiqomat qiluvchi 1098 ta oilaga Mustaqilligimizning 30 yillik toʻyiga ajoyib tuhfa boʻldi. Xalq qabulxonasi va sektor rahbari tomonidan hududdagi boshqa muammolar ham oʻrganilib, yechimi topildi.
Kezi kelganda shuni aytish lozimki, xalqimizni qiynayotgan koʻchalarni taʼmirlash, ichimlik suv, elektr energiyasi taʼminoti kabi muammolarning aksariyati uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan masalalardir. Misol uchun, mustaqillik yillari ichki yoʻllarni taʼmirlashga talab darajasida ahamiyat berilmagani sababli ayrim qishloq koʻchalari yaroqsiz holga kelgan. Oʻtgan tuzumda oʻrnatilgan suv quvurlari chirib qolgan. Elektr energiyasi yetkazib beradigan sim yogʻochlar oʻz xizmatini oʻtab boʻlgan. Yoki mahallalarda aholi soni keskin ortib, yangi uy-joylar qurilayotgani natijasida oʻrnatilgan elektr transformatorlari kuchlanishi yetmay qolgan.
Ayni paytda shunday hududlarda istiqomat qilayotgan aholi huquq va erkinliklari taʼminlanayotganidan foydalanib, munosib turmush kechirish uchun bu masalalar yechimini koʻndalang qoʻymoqda. Jumladan, Arna mahallasida yashaydigan bir guruh fuqarolar Xalq qabulxonasiga hamda Prezidentintning ishonch telefoniga mahalla hududida elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolarni maʼlum qildi. Murojaat tegishli tartibda oʻrganilgach hududdagi KTP-216 kuchlanishli transformator yonidan qoʻshimcha 250 kuchlanishdagi transformator oʻrnatilib, hozirgi kunda barcha toifadagi isteʼmolchilar uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlangan.
Yangi qalʼa mahallasida yashaydigan bir guruh fuqarolar mahalladagi bir nechta elektr sim ustunlari yaroqsiz holga kelganligi, ularni almashtirish kerakligi masalasida murojaat qildi. Ular oʻrtaga tashlagan bu masala joyida oʻrganilib, ushbu murojaat ijro uchun Qorakoʻl tuman Elektr tarmoqlari korhonasiga yuborildi. Murojaat tegishli tartibda oʻrganilgach hududdagi yaroqsiz sim ustunlari yangi sim ustunlarga almashtirilib, murojaatda koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf kilinib, elektr energiya sifati yaxshilandi, murojaat oʻz yechimini topdi.
Yangi Oʻzbekistonning Xalq qabulxonalari bugun fidoyi xalqimizning tom maʼnodagi dardu-tashvishini tinglab, quvonchlariga sherik boʻladigan, ular duch kelayotgan muammolarni ishonchli hal etadigan oʻziga xos tuzilmaga aylandi. Hokimiyat va xalq oʻrtasida ochiq, shaffof muloqot qilish tizimini yaratdi. Bunday ulugʻvor, ezgu ishlar joylarda qonun ustuvorligini taʼminlab, odamlarni rozi qilish, ularning ertaga emas, aynan bugun yaxshi yashashi, munosib turmush kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.
Avliyoqul OQQIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qorakoʻl tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.