Gap shundaki, vesti.uz ijtimoiy tarmog'ida “Russkom klassu v Tashkente trebuet perevodchik” sarlavhasi ostida Mirzo Ulug'bek tumanidagi 142-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabida rus tilida darslar o'tiladigan sinflarda o'zbek tilida saboq berilayotgani xabar qilingan. Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi bunga rasmiy munosabat bildirdi.
Aytilishicha, holat yuzasidan boshqarma ishchi guruhi o'rganish olib bordi. Unga ko'ra, mazkur ta'lim muassasasida tasviriy san'at fanidan 4 soat, informatika fanidan 21 soat rus tilida dars o'tiladigan sinflarda vakant soatlari mavjudligi aniqlandi. Natijada maktab ma'muriyati o'quvchilarning dars soatlarini qoldirmaslik uchun vakant soatlarga to'liq rus tilida so'zlasha olmaydigan o'qituvchilarni jalb etishga majbur bo'lgan.
Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida maktab ma'muriyati tomonidan O'zbekiston Milliy universiteti hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga xat bilan murojaat qilingan. Tez orada mazkur muammoni ijobiy hal qilish uchun zarur choralar ko'rilmoqda.
Qo'shimcha qilinishicha, ayni paytda 142-maktabda jami 53 ta sinf mavjud bo'lib, shulardan 37 tasida rus, 16 tasida o'zbek tilida ta'lim yo'lga qo'yilgan. Yangi o'quv yili oldidan 17 nafar yosh o'qituvchi ishga qabul qilingan. Jami o'qituvchilar soni 75 nafarni tashkil etadi.