Tadbirda vazirlik Ichki audit xizmati faoliyatining yillik natijalari sarhisob qilindi.
Ma'lum qilinishicha 2021 yil davomida tizim ta’lim muassasalarida 91,1 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 27,1 mlrd. so‘m (jami moliyaviy xato va kamchiliklarning 30 foizi) mablag‘ o‘zlashtirilganligi aniqlangan.
Xususan, Hisob palatasi boshchiligida o‘tgan yili Andijon viloyati Andijon shahrida o‘tkazilgan tekshirishda, xodimlarning daromad solig‘ini Davlat budjetiga o‘tkazmasdan, tizimda ishlamaydigan begona shaxslarning plastik kartalariga o‘tkazish orqali 11,5 mlrd.so‘m mablag‘ o‘zlashtirilganligi aniqlangan. (2020 yilda vazirlik tomonidan Andijon shahrida 28,4 mlrd. so‘m mablag‘ naqd pul mablag‘larini kassaga kirim qilmasdan va ishlamaydigan xodimlarga to‘lash orqali o‘zlashtirilganligi aniqlanib, huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan edi).
Ma’lumot uchun, 2020 yilning hisobot ko‘rsatkichlariga nisbatan jami qonunbuzilish holatlari (228,3 mlrd. so‘m) 1,5 baravarga, kamomad va o‘zlashtirish holatlari (70,7 mlrd. so‘m) 2,6 baravarga kamaygan.
Tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 161 ta 76 mlrd. so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Shuningdek, tadbirda ta'kidlanishicha, 2022 yilning 15 fevralga qadar vazirlik tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 142 mlrd. so‘mlik mablag‘lar maqbullashtirilib, bugungi kunda ushbu ishlar Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti bilan birgalikda davom ettirilmoqda.