Tizimni oʻzgartirishni oʻzimizni oʻzgartirishdan boshladik
Institutning faqat nomigina emas, maqsad-vazifalari ham oʻzgardi. Faoliyat doirasi kengaydi, shuningdek, jamoa tarkibi yangi-malakali kadrlar bilan mustahkamlandi. Institutning yangi funksional vazifalaridan kelib chiqib, Davlat xizmatlari agentligining ochiq tanlovi orqali, suhbat asosida, yuqori salohiyatli kadrlarni tanlab olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Institutning maqomi, maqsad va vazifalari oʻzgargani uning imidjida ham oʻz aksini topdi. Yaʼni, uning ramziy belgilari — brendi va logotipi qayta yaratildi. Yangi brendida institut nomi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan oʻzbek maʼrifatparvari Abdulla Avloniy shaxsi ismining bosh harflari AA, bonet va pero belgilari aks ettirilgan.
Institutimiz oʻz faoliyatini “Shaffoflik, adolat, sifat va hisobdorlik” shiori asosida tashkil qilib, amalga oshirilayotgan ishlari haqida keng jamoatchilikni va, ayniqsa, koʻp ming sonli xalq taʼlimi xodimlarini tezkor ravishda xabardor qilib turish va ularning fikrini oʻrganish hamda natijalar sarhisobini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish ishlarini yoʻlga qoʻydi.
Qisqa fursatda institut faoliyati toʻgʻrisidagi axborot, eʼlon va tezkor yangiliklarni yoritib boruvchi oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi rasmiy veb-sayti — avloniy.uz ishga tushirildi. Institut istalgan ommaviy axborot vositasi uchun ochiq tashkilotga aylandi.
Institutimiz faoliyatidagi oʻzgarishlarning asosiy maqsadi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida mavjud muammolarni oʻrganish, ularni bartaraf etish yuzasidan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, tizimda faoliyat koʻrsatayotgan boshqa taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish orqali xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini amalda joriy etishdan iborat boʻlgani bois, belgilangan vazifalar ijrosi muammolar tahlilidan boshlandi.
Muammolar va ularning yechimlari
Institutning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali koʻp ming sonli xalq taʼlimi xodimlarining qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi faoliyatiga boʻlgan munosabati oʻrganildi hamda oʻrganish natijalari ilmiy tahlil qilindi.
Tahlil natijalari mavjud muammolarning aksariyati malaka oshirishni tashkil etish bilan bogʻliqligini koʻrsatdi.
Xalq taʼlimi xodimlarining umumiy va xususan pedagogik kadrlar malakasini oshirishning sovet davrida belgilangan tashkiliy tamoyillari obyektiv muammolar manbai hisoblanadi. Ushbu tamoyillarga muvofiq, taʼlim muassasalarining rahbarlari 3 yillik, pedagogik xodimlar esa 5 yillik davriylik asosida 144 soatlik oʻquv dasturi boʻyicha, asosan, ish va yashash joyidan ajralgan holda malaka oshirishlari shartligi belgilangan. Chunki, kurslar viloyat markazlarida joylashgan malaka oshirish hududiy markazlari tomonidan tashkil etiladi. Bu esa malaka oshirayotgan oʻqituvchilarni boshqa oʻqituvchilar bilan almashtirish, oʻqituvchini oilasi va yashash joyidan yiroq ketishi, qoʻshimcha moliyaviy xarajatlar bilan bogʻliq koʻplab muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Shu sababdan ham oʻqituvchilar malaka oshirish kurslariga xohlamasdan borar, iloj topsa bormaslikka harakat qilishardi.
Tadqiqotlar shuningdek, ayrim oʻqituvchilarda kasbiy bilim va koʻnikmalarning yetishmasligi bilan bogʻliq subyektiv muammolarni ham koʻrsatdi. Bu esa kasbiy mahoratni oshirish boʻyicha mustaqil oʻqish, oʻrganish koʻnikmasining yetishmasligidan dalolat beradi. Xodimlarning kasbiy tayyorgarlik saviyasini oʻrganish uchun tasodifiy tarzda tanlangan oʻqituvchilar va maktab rahbarlarining yarmidan koʻpi mutaxassislik (oʻqituvchilar) va boshqaruv (maktab direktorlari) boʻyicha juda sayoz bilimga ega ekanliklari maʼlum boʻldi.
Subyektiv tavsifga ega boʻlgan ushbu muammoning kelib chiqishi yuqorida qayd etilgan obyektiv muammoning salbiy taʼsiri bilan izohlanadi. Oʻqituvchilar va maktab direktorlarining yomon koʻrsatkichlari nafaqat oʻz-oʻzini takomillashtirishga intilishning yetishmasligi, balki xalq taʼlimi muassasalari xodimlari malakasini oshirish davriyligi bilan ham bogʻliq. 3–5 yil davriylikda amalga oshiriladigan malaka oshirish kursi taʼlim sohasidagi bilimlar yangilanishining zamonaviy surʼatlariga munosib tayyorgarlikni taʼminlab berolmaydi. Kurslarda olingan bilimlar tezda eskiradi, bu esa oʻqituvchilarning taraqqiyotdan orqada qolishiga va oʻqitiladigan fani, oʻqitish metodikasi va taʼlim texnologiyalari bilan bogʻliq yangiliklardan bexabar boʻlib qolishiga olib keladi.
Yuqoridagi muammolar va ularning kelib chiqish sabablari yuzasidan olingan tadqiqot natijalari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan malaka oshirish tizimini davriylikdan uzluksiz faoliyatga oʻtkazish, yaʼni xalq taʼlimi xodimlarining davriy malaka oshirishdan uzluksiz kasbiy rivojlantirishga oʻtkazish boʻyicha belgilangan vazifalarning qanchalik dolzarb ekanligini yana bir bor isbotladi.
Muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni oʻrganish natijalarini ilmiy tahlil qilish asosida xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish tizimini davriylikdan “Hayot davomida oʻqish” tamoyiliga asoslangan holda uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini joriy etish mexanizmlari ishlab chiqildi. Ushbu mexanizm xalq taʼlimi xodimlarini har yili malaka oshirishga jalb qilish va bunda pedagog xodimlarni kamida 36 soat, rahbar xodimlarni esa 30 soat oʻqitishni nazarda tutadi. Malaka oshirishning tashkiliy shakl va vositalarini ham zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda kengaytirish, takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Ayubxon RADJIYEV,
Abdulla Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish
va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot
instituti rahbari