1) 1,5 mln abituriyentning atigi 23 foizi bu yilgi maktab bitiruvchilari boʻlgan boʻlsa, ular davlat granti kvotasining 50 foizini egalladi. Qolgan 77 foiz abituriyentni tashkil etgan litsey, kollej bitiruvchilari yoki avvalgi yilgi bitiruvchilar ham OTMga harakat qilgan, repetitorga borgan, lekin ularning umumiy natijasi maktab bitiruvchilarinikidan anchagina orqada boʻldi.
2) Oliy taʼlimga bironta ham oʻquvchisi kirmagan maktablar soni 3 barobarga kamaydi, yaʼni oʻtgan yili 2126 ta edi, bu yil 692 taga tushdi. Bunga ham oʻtgan yildan bunday maktab rahbarlarini lavozimiga loyiqligini jiddiy koʻrib chiqish boshlangani katta turtki boʻldi.
Endi buyogʻiga direktorlarimiz va maktab jamoasi faqat natijaga harakat qilishi kerak. Natija bu bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi. Ularning bir qismi oʻqishni keyingi bosqichiga oʻtsa, keyingi qismi oʻz ishini topib ketishidir. Oʻqishga ham kirolmasa, ish ham topa olmasa, keyinchalik yoshlarimiz hayotda qiynalib qolishadi. Shu sababli maktab davridagi vaqtini aynan shu natijaga yoʻnaltirishi, shu jumladan, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirishi kerak.
Bir oy davomida Xorazm, Navoiy, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida boʻlib yaxshi koʻrsatkichga ega va umuman natija koʻrsatmagan maktablarni solishtirganda asosiy farq aynan direktor va maktab jamoasining oʻz kasbiga boʻlgan fidoiyligi tufayli boʻlayotganiga amin boʻldik.
Solishtirganda koʻrinadiki, aksariyat yomon koʻrsatkichga ega maktablarning moddiy texnik holati yaxshi koʻrsatkichga ega boʻlgan maktabnikidan ancha yaxshi boʻlib chiqayapti. Eskichasiga faqat maktabning tashqi koʻrinishiga qarab direktorga baho berilganida, aksincha bular yaxshi boʻlib chiqardi va yaxshi natija koʻrsatgan direktorga esa maktabining koʻrinishi yaxshi boʻlmaganiga chora koʻrilishi mumkin edi...
Shuning uchun, oʻz ishiga fidoiy boʻlgan pedagoglarimizga ushbu oʻzgarishlarga sabab boʻlganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz! Aksincha, bu sohaga adashib kelib, avvalgidek paxta va boshqa ortiqcha ishlar bilan oʻralashib yurishga oʻrganib qolganlarga boshqa ish topishlarini tavsiya qilamiz.