Xalq taʼlimi vazirligi geografiya fani soatlari qisqarayotganiga oid eʼtirozlarga munosabat bildirdi

    Ta'lim 18 Yanvar 2022 1220

    Xalq taʼlimi vazirligi geografiya fani dars soatlaridagi oʻzgarishlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan eʼtirozlarga munosabat bildirdi.

    Oʻqituvchilar nimadan norozi?

    Milliy oʻquv dasturiga koʻra, 2022-2023-oʻquv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi belgilangan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi PQ 4805-sonli qarori.)

    Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari boʻyicha oʻquvchilarning dastlabki koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

    Endilikda bu fanlarga oid bilim va koʻnikmalar oʻquvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy oʻquv dasturi doirasida oʻquvchilarda “Tabiiy fanlar” fani orqali shakllanishi lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalar har bir sinf kesimida belgilandi.

    Oʻquvchilar boshlangʻich sinflarda yetarli koʻnikma va malakaga ega boʻlishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlangʻich sinflarda koʻpaytirishga ehtiyoj tugʻildi. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan oʻtiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari oʻrniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritildi.

    Oʻz navbatida, qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga oʻtkazildi. Yaʼni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qoʻshib berildi.

    Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur boʻlgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yoʻq.

    Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, yaʼni 96 ta mavzuga koʻpaygan.

    Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yoʻqolish xavfi ostidagi xulosalar, asossiz.

    Jahon tajribasida qanday?

    “Tabiiy fanlar” jahondagi aksariyat rivojlangan davlatlarda oʻqitiladi. Xususan, Buyuk Britaniya tajribasi oʻrganilganida, tabiiy fanlar 1-6-sinflarda integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida oʻqitiladi.

    Tabiiy fanlarning quyi sinflarda qoʻshib oʻqitilishi oʻquvchiga olamni bir butun tasavvur qilish, fanlarga oid mavzular kesimida loyiha ishlarini amalga oshirib, tadqiqotchilik koʻnikmalarini rivojlantirish, oʻquvchilarning faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini yaxshilash, ularni ijodkorlikka yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

    Milliy oʻquv dasturi doirasida taʼlim mazmunida amalga oshirilayotgan bu kabi oʻzgarishlar iqtisodiyot sohalariga xalqaro andozalar asosida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori boʻlgan koʻnikmalarga ega kadrlarni tayyorlashi bilan oʻquvchilar uchun manfaatlidir.

    Yangi fan kiritilishi oʻqituvchilarga qanday imkoniyat yaratadi?

    Milliy oʻquv dasturida aynan Geografiya fani haftalik 8 soat dars oʻtishlishi belgilangan. Shu oʻrinda alohida qayd etish lozimki, geografiya fani oʻqituvchilarida “Tabiiy fanlar” yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda, 11 soat dars berish imkoniyati paydo boʻladi (natijada, amaldagi haftalik 10 soat oʻrniga, 11 soat berishlari mumkin).

    Shu bilan birga, Vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish boʻyicha oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni inobatga olgan holda, oʻquvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qoʻshimcha soat ajratish boʻyicha imkoniyatlarni oʻrganmoqda.

    Mazkur yoʻnalishda qoʻshimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya oʻqituvchilari uchun qoʻshimcha imkoniyat boʻladi.