Konferentsiyada Bosh vazir oʼrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Nejmeddin Bilol Erdoʼgʼon, Turkiya Respublikasining Oʼzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Kamondan oʼq otish federatsiyasi raisi Rustam Joʼrayev, shuningdek, OAV vakillari hamda sportchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Oʼzbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish hukumat tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri ekani taʼkidlandi. Eng asosiysi, nomoddiy madaniy merosni asrash, Oʼzbekiston aholisi oʼrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda ommalashtirish sohasidagi asosiy masalalar borasida fikrlar muhokama qilindi. Konferentsiya jarayonida kamondan oʼq uzish va dorbozlik boʼyicha videorolik namoyish etildi.

Аziz Аbduhakimov hamda Nejmeddin Bilol Erdoʼgʼon, shuningdek tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Oʼzbekistonda milliy etnosport uyushmasini tuzish va tashkil etish toʼgʼrisida rasmiy kelishuv imzolandi va uning yangi rahbari tanishtirildi.

Maʼlumot oʼrnida: Oʼzbekiston milliy etnosport uyushmasi rahbari etib Oybek Norinboyev tayinlandi. 

Konferentsiya soʼnggida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi hamda Oʼzbekiston milliy etnosport uyushmasi rahbarlari oʼrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Suhrob TUGАLOV