Shu munosabat bilan 21-iyunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda AQSH Davlat departamentining Yevropa, Yevrosiyo va Markaziy Osiyoga yordam koordinatori oʻrinbosari Greg Naarden oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi favqulodda va muxtor elchisi J. Vahobov ham ishtirok etdi.
Uchrashuv va muzokaralar chogʻida turli sohalarda, jumladan, AKT sohasidagi Oʻzbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi. Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi loyihalarni amalga oshirishda Amerikaning biznes vakillarini jalb etish hamda qoʻshma dastur va tashabbuslarni amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, AKT vaziri AQSH bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida sheriklikni yuqori bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflarini hamda xalqaro darajadagi dasturlarni AQSH bilan birgalikda amalga oshirish masalasiga eʼtibor qaratdi.
Shu bilan birgalikda, xalqaro kompaniyalar xizmatlarini Oʻzbekistonga autsorsing qilish va yoshlarni BPO va KPO xizmatlar ishi bilan taʼminlashga katta eʼtibor qaratilayotgani, mamlakat yoshlariga IT sohasini oʻrgatish va oʻqitish maqsadida BPO markazlar va maktablar tashkil etilayotgani aytib oʻtildi. Oʻz navbatida, yoshlar masofaviy xizmat koʻrsatishga jalb etilsa, mamlakat uchun katta yutuq boʻlishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.