Xalqaro davra suhbatini oʻtkazishga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi

    Turizm 11 Oktabr 2022 1347

    Yaqinda “Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish: muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro davra suhbati oʻtkaziladi. 2022-yil 10-oktyabrda Oliy Majlis Senatida ishchi guruh tomonidan tadbirning mazmun-mohiyati va tashkiliy masalalari muhokama etildi.

    Tadbir Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.

    Muhokama chogʻida mamlakatimizning ulkan va noyob sayyohlik salohiyatini samarali amalga oshirish uchun respublikada qulay sharoitlar yaratilgani taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari 2022-yil 19-sentyabrda boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishida aholi farovonligini yuksaltirish va turmush sifatini oshirish yoʻlida ichki va tashqi turizmni rivojlantirish masalalarini hal etishning pirovard maqsadlari, birinchi navbatdagi vazifalari va mexanizmlarini aniq belgilab bergani alohida taʼkidlandi. Qashqadaryo viloyatida mazkur sohani rivojlantirish uchun keng, shu bilan bir paytda foydalanilmayotgan imkoniyatlarga alohida urgʻu berildi.

    Davra suhbatining asosiy maqsadi Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy takliflar va soha salohiyatini pasaytiruvchi salbiy omillarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

    Bundan tashqari, davra suhbati doirasida investorlarni hudud salohiyati bilan keng tanishtirish, aniq loyihalarni amalga oshirishga xorijiy donorlarni jalb etish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida maxsus axborot turlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.