Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya va Germaniyadagi oliy ta’lim tashkilotlari bilan ta’lim yo‘nalishida mustahkam ko‘prik o‘rnatilgan.

Joriy yilda oliy ta’lim tizimida dunyoning top 500 talik ro‘yxatidan o‘rin olgan Malayziya, Yaponiya, Chexiya, Shvesariya, Italiya, Fransiya, Germaniya, Gollandiya va Finlyandiya universitetlari bilan ham ana shunday hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda 2025-yilda Italiyaning Trento universiteti bilan muzokaralar olib borilib, universitetimiz vakillari mazkur dargohda bo‘lib qaytishdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Trento universiteti Psixologiya va kognitiv fanlar departamenti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum doirasida talabalar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, psixologiya, pedagogika, inklyuziv ta’lim va innovatsion metodika ta’lim yo‘nalishlari professor-o‘qituvchilari uchun 144 soatlik malaka oshirish kurslarini tashkil etish, PhD doktorantura uchun qo‘shma ilmiy rahbarlik va himoya dasturlarini ochish, magistratura ta’limida dual modelni yo‘lga qo‘yish, talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish masalalari kelishib olindi.

Mazkur hamkorlik doirasida yaqinda Italiyaning Trento universiteti rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya universitetimizda mehmon bo‘ldi. Ikki tomon vakillari Cotutelle dasturlari doirasida Trento universitetida 6 oylik ilmiy dasturlarda tahsil olayotgan PhD talabalar sonini oshirish, bakalavriat va magistratura bosqichlarida akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish, kognitiv fanlar va neyrofanlar yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish, magistratura va bitiruvchi bosqich talabalari uchun yozgi dasturlar va xorijiy professor-o‘qituvchilar ishtirokida ma’ruzalar tashkil etish, Erasmus+ grant loyihalari doirasida talabalar ishtirokini kengaytirish kabi masalalarni kelishib olishdi.

Bundan tashqari, joriy yilning 10–24-mart kunlari Amaliy psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari Trento universitetida tashkil etilgan malaka oshirish dasturida ishtirok etib, ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasasining PhD bosqichiga muvaffaqiyatli qabul qilindi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu oliygoh didaktika, tadqiqot va xalqaro hamkorlik borasida yuqori natijalarga ega. Trento universiteti Yevropa va butun dunyo bo‘ylab 400 dan ortiq universitetlar bilan mobillik dasturlari, yozgi va qishki maktablar hamda qo‘shma o‘quv loyihalari orqali hamkorlik qiladi. Universitetimizning ular bilan hamkorligi esa professor-o‘qituvchilarimiz hamda talabalarimizning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, xalqaro ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etish imkonini yaratadi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yili Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston davlatlarining turli hamkor universitetlari bilan imzolangan memorandumlar asosida 147 nafar talaba akademik mobillik bo‘yicha ta’lim oldi. 54 nafar talabamiz bir semestr mobaynida Janubiy Koreya, Turkiya va Qozog‘iston davlatlarining nufuzli universitetlari akademik mobillik dasturida qatnashib qaytdi. 122 nafar professor-o‘qituvchilar akademik mobillik bo‘yicha Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya davlatlarida tashkil etilgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdi. 142 nafar professor-o‘qituvchilar Buyuk Britaniya, Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiyadagi nufuzli universitetlarda malaka oshirishdi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli ta’lim muassasalari — The University of Cambridge va The University College London bilan memorandum imzolandi va strategik hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, 26 nafar professor-o‘qituvchilar ularda stajirovka o‘tadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti so‘nggi yillarda xalqaro hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirib, uni ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar salohiyatini oshirishning muhim omiliga aylantirmoqda. Turli davlatlar bilan o‘rnatilgan keng qamrovli aloqalar, nufuzli universitetlar bilan imzolangan memorandumlar, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligi, shuningdek, Trento universiteti kabi ilg‘or ta’lim muassasalari bilan amaliy hamkorliklar universitetning global ta’lim makoniga integratsiyasini yanada kuchaytirmoqda. Bu jarayonlar nafaqat ta’lim jarayonini zamonaviylashtirish, balki innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, xalqaro tajriba almashinuvini rivojlantirish va universitetning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Mansur Hasanov,

O‘zMPU Axborot va media

xizmati mas’ul xodimi