Xalqaro hamkorlik natijalari va istiqboldagi rejalar muhokama etildi

    Aytish lozimki, aholi turmush faravonligini oshirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta'minlash, ayniqsa, xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, ta'lim olish va mehnat qilish huquqlarini to'la amalga oshirish maqsadida so'nggi yillarda olib borilayotgan xalqaro hamkorlik loyihalari o'z ijobiy natijasini bermoqda.

    Ayniqsa, 2020 yilda yuzaga kelgan pandemiya asoratlarini yumshatish hamda chekka hududlar aholisiga ijtimoiy ko'mak berish borasida amalga oshirib kelinayotgan ijtimoiy loyihalar ijrosi bugun o'zining katta samarasini bermoqda.
    Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligida xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar elchixona vakillari bilan o'tkazilgan bugungi qator uchrashuvlarda mazkur jihatlarga atroflicha to'xtalib o'tildi.

    BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan o'tkazilgan uchrashuv avvalida pandemiya oqibatlarini bartaraf etish hamda hamda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro'y bergan tabiiy texnogen vaziyat tufayli jabr ko'rgan oilalarga har tomonlama ko'mak ko'rsatishga qaratilgan “COVID-19ga qarshi chora-tadbirlar va uning asoratlari bilan kurashish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

    Vazir Rahmat Mamatov tomonidan ta'kidlanganidek, mazkur loyiha doirasida pandemiya davrida qiyin vaziyatga tushib qolgan 300 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun 256 ta tikuv mashinasi, 387 ta mebel` jihozi, 70 ta pishiriqlarni tayyorlash moslamasi, 240 ta sartaroshlik asbob-uskunasi taqdim etildi.

    Shu bilan birga Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tizimida elektron hujjat almashinuvi dasturini joriy qilish maqsadida “Mahalla” yagona axborot tizimi yaratildi. eshitish va gapirishda nuqsoni bo'lgan nogiron qizlarga IT yo'nalishi bo'yicha o'quv mashg'ulotlari tashkil etildi.

    Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi “Mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlari”da tikuvchilik yo'nalishi bo'yicha o'quvlar tashkil etildi hamda ushbu markazlar barcha kerakli jihozlar bilan ta'minlandi.

    Uchrashuvda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi kam ta'minlangan aholi vakillarining o'z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun iqtisodiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.

    Isroil Davlati Favqulodda va Muxtor elchisi Zexavit Ben Xillelni bilan uchrashuv ham qiziqarli va turli mavzularga boy bo'ldi.

    Vazir R.Mamatov tadbir davomida vazirlikning asosiy funktsiyalari hamda mahalla tizimining jamiyat boshqaruvidagi o'ziga xos o'rni xususida atroflicha ma'lumot berib o'tdi. Xususan, ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy ko'mak berish, ishsiz, boquvchisi bo'lmagan, yolg'iz onalar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo'yicha yo'lga qo'yilgan “Ayollar daftari” tizimining o'ziga xos jihatlariga atroflicha to'xtalib o'tildi.

    Uchrashuvda, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, xususan xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi mavjud loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga doir masalalalar muhokama etildi. Jumladan, og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko'rsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblar bo'yicha bilim va ko'nikmalarni egallashda ko'maklashish bo'yicha fikrlar o'rtaga tashlandi.

    SHu bilan birga mehnat organlari bilan hamkorlikda ishsiz aholini bandligini ta'minlashga ko'maklashish, oilaviy biznesni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlashga doir rejalar bildirib o'tildi.

    Keyingi uchrashuv UNISEFning Markaziy va SHarqiy Evropa va mustaqil davlatlar hamdo'stligi bo'yicha vakolatxonasi mintaqaviy direktori Afshan Xan hamda UNISEFning bolalar jamg'armasi O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzade bilan o'tkazildi.

    Uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan so'nggi yillarda yo'lga qo'yilgan insonparvarlik tamoyili asosida olib borilayotgan siyosiy islohotlar natijasida ko'plab ijobiy natijalarga erishilayotganligi, xususan, 2019 yildan boshlab amalga oshirib kelinayotgan “Mehr” operatsiyalari davomida yuzlab vatandoshlarimiz Suriya va boshqa davlatlar hududidan vatanimizga qaytarilganligi aytib o'tildi.

    Vazir R.Mamatov qayd etganidek, o'tgan vaqt davomida “Mehr-1”, “Mehr-2”, “Mehr-3”, “Mehr-4” maxsus operatsiyalari davomida yurtimizga qaytarilgan va tug'ilganligi qayd qilinmagan 22 nafar bolaga FHDYO organlari tomonidan belgilangan tartibda tug'ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi.

    Shuningdek, vazirlik tomonidan 18 nafar ayolga 200 million 800 ming so'mlik uy-joy sotib olishda yordam ko'rsatildi, vatanga qaytarilgan 36 nafar ayol va bolalar uchun uy-joy sharoitlari yaxshilandi, 6 ta oila ijtimoiy uy-joylar bilan ta'minlandi. 178 nafar bolali yolg'iz onalarga boquvchisidan mahrum bo'lganliklari sababli bolalarni parvarish qilish nafaqalari to'lab kelinmoqda.

    Uchrashuvda ayni vaqtda YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda amalga oshirib kelinayotgan “Mojaro zonalaridan, birinchi navbatda Suriya va Iroqdan qaytayotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun Evropa Ittifoqi va BMT ko'magi” loyihasi xususida so'z yuritildi.

    Loyihaning asosiy maqsadi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan "Qurolli mojarolar davom etayotgan hududlardan qaytarilgan ayollar, bolalar va yoshlarni jamiyatga moslashtirish va reabilitatsiya qilish" harakatlar rejasi doirasida vatanimizga qaytarilgan bolalar va xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashdan iboratdir.

    Bugungi kunga qadar loyiha doirasida mojaroli hududlardan qaytgan 250 nafar bolalar va oilalar, migrantlarning farzandlariga davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda har tomonlama ijtimoiy, moddiy, psixologik yordamlar ko'rsatildi.