2017-2021-yillarda Maktabgacha taʼlim vazirligi va xorijiy hamkorlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikada maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq memorandumlar va kelishuvlar imzolandi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Koreya Respublikasi, Singapur, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, AQSH va Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik qilyapti. Shu bilan birga xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, UNICEF, UNESCO, JICA, KOICA, TIKA, Jahon banki guruhi, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi, “Rossotrudnichestvo” va boshqa xalqaro moliya institutlari shular jumlasidandir.

Maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish va maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish maqsadida, Maktabgacha taʼlim vazirligi xorijiy investitsiyalar ishtirokida loyihalarni amalga oshiradi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

Oʻtgan davr mobaynida Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan

xorijiy hamkorlar bilan 150,85 million dollarga teng boʻlgan mablagʻlarni jalb etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Ulardan 73,85 million dollar Jahon bankidan, 28,0 million dollari Koreya Respublikasidan, 21,0 million dollar AQSHdan, 12,0 million dollar Rossiyaning Lukoyl kompaniyasidan hamda 16 million dollar boshqa xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlariga toʻgʻri keladi.