11-fevral –Xalqaro ilm-fanda ayollar va qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Kadirxanova, universitet rahbariyati hamda videokonferensaloqa tarzida Rossiya, Qozogʻiston, Latviya, Misr, Indoneziya, Malayziya, Eron, Turkiya, Janubiy Koreya va mamlakatimizdan olimalar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjuman olima ayollarning ilmiy sohadagi ilgʻor tajribasi va yutuqlari bilan yaqindan tanishish, yosh xotin-qizlarni ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etishni yanada kengaytirishga qaratilgan amaliy masalalar yuzasidan fikr almashish, shuningdek, yosh olimalarning ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etildi.
Senator M. Kadirxanova oʻz soʻzida yurtimizda xotin-qizlarga va gender tenglikni taʼminlashga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga toʻxtalib oʻtdi.
Senator qayd etganidek, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy poydevori yaratilib, 30 ta meʼyoriy hujjat qabul qilingan. Hozirda respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning soni qariyb 365 ming nafarga yetib, jami talabalar sonining 47 foizini tashkil etmoqda. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtiruvchi yagona elektron tizimda (phd.mininnovation.uz) mavjud 2 483 nafar xotin-qiz oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanyapti. 2021-yilda fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega ayollar soni 707 nafarga, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega xotin- qizlar soni 2861 nafarga yetgan.
Maʼlumot oʻrnida: 11-fevral – Xalqaro ilm-fanda ayollar va qizlar kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ayollar va qizlarning ilm-fandan toʻliq va teng foydalanishi hamda ishtirok etishini ragʻbatlantirish maqsadida qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.