Oʻzi oʻrgangan til vositasida boshqa mamlakatlar ilm-fanining ilgʻor yutuqlarini tadqiq etib, ularni oʻrganish, xorijlik shoiru yozuvchilar, olimlarning asarlarini asliyatda oʻqish, tushunish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bois, mamlakatimizda chet tillar oʻqitiladigan oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻqituvchilar malakasini oshirish, xorijiy tillarni oʻqitish sifatini, ana shu yoʻnalishdagi oʻquv markazlari faoliyatini kuchaytirish hamda yuqori malakali pedagoglarning maoshini koʻpaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Aytish joizki, mazkur yoʻnalishda belgilanayotgan vazifalar roʻyobida Harakatlar strategiyasi hamda uning asosida har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strate- giyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 159-bandida Xalqaro taʼlim dasturlari (imtihonlar) boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini toʻliq qoplab berish tartibini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq vazifalar belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-apreldagi “Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball (daraja) toʻplagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini toʻliq qoplab berish tartibini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Davlat dasturining mazkur bandi ijrosi taʼminlandi.
Qarorga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 18 turdagi xalqaro imtihon tizimi boʻyicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Yaʼni 5 turdagi — IELTS, TOEFL, GRE, GMAT, SAT xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball olganlarga 2021-yil 1-maydan boshlangan boʻlsa, ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, turk, koreys, yapon, xitoy, arab, rus tillari boʻyicha imtihonlarda eng yuqori ball toʻplaganlarga imtihon topshirish xarajatlari 2022-yil 1-yanvardan qoplab beriladi.
Mazkur qarorda imtihon topshirish xarajatlari kompensatsiya qilinishi uchun toʻplanishi lozim boʻlgan yuqori ballning (darajaning) minimal koʻrsatkichi berilgan. Misol uchun, IELTS xalqaro imtihon tizimida eng yuqori koʻrsatkich — 9 daraja boʻlsa, imtihon topshirish xarajatlari toʻliq qoplab berilishi uchun imtihon topshiruvchi kamida 7 darajani qayd etishi lozim.
Qarorga koʻra, imtihon boʻyicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini toʻliq qoplab berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish uchun davlat xizmatlari markazlari ariza beruvchi kelib murojaat etganda uning nomidan soʻrovnomani toʻldirib, Yoshlar ishlari agentligiga yuboradi. Agentlik maxsus sertifikatni verifikatsiyadan oʻtkazadi yoki uning haqiqiyligini masʼul vakolatli xorijiy tashkilot orqali tasdiqlatib oladi.
Haqiqiyligi tasdiqlangan maxsus sertifikat egasi boʻlgan ariza beruvchilarning elektron reyestrini shakllantiradi, unga muvofiq kompensatsiya mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq bankining hisobvaragʻiga oʻtkazadi va xizmat natijasi boʻyicha ariza beruvchiga SMS xabar yuboradi.
Joriy yil 6-iyun holatiga koʻra, 5 ta xalqaro imtihon tizimi boʻyicha Yoshlar ishlari agentligining masʼul boshqarmasiga 461 nafar yoshdan ariza kelib tushgan. Ular tahlil qilinganda, arizachilarning 171 nafari maxsus sertifikatni qaror kuchga kirgan sanadan oldin olgani sababli rad etilgan. 290 nafar arizachining jami 523 million 405 ming 869 soʻm miqdoridagi imtihon xarajatlari yetkazib berilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, arizalarning 142 tasi Davlat xizmatlari markazlari orqali, 319 tasi mus taqil ravishda my.gov.uz portali orqali yuborilgan.
— IELTS boʻyicha imtihon topshirib, 7 darajani qayd etishga muvaffaq boʻldim, — deydi Toshkent shahridagi 135-umumiy oʻrta taʼlim maktabi bitiruvchisi Muhammadamin Ismoilov. — Hukumat qarori haqida eshitgan edim. Shu bois, mazkur natijaga erishganimdan soʻng ikki hissa quvondim. Otam imtihon xarajatlari uchun deyarli 1 million 800 ming soʻm toʻlagan edi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, Davlat xizmatlari markaziga murojaat qildik, xarajatlarimiz toʻliq qoplab beriladigan boʻldi. Bu yil Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirmoqchiman. Shuning uchun imtihonga puxta tayyorgarlik koʻryapman.
Muxtasar aytganda, xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball (daraja) toʻplagan yoshlarning xarajatlari davlat hisobidan qoplab berilayotgani ularning til oʻrganish yoʻlidagi mehnatlarini ragʻbatlantirish bilan birga, yana-da yuksak yutuqlarni qoʻlga kiritishga ilhomlantiradi.
Shahzod GʻAFFOROV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri