Daniyaning “Alliance Capital” investitsion kompaniyasi, Misrning “Orascom Construction” qurilish kompaniyasi, BAAning “Tatweer Middle East & Africa” muhandislik-innovatsion kompaniyasi hamda Germaniyaning “Vitronic” korporatsiyasi boshqaruvchilaridan iborat sarmoyadorlar guruhi Fargʻona viloyatida investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda viloyatning investitsion jozibadorligidan kelib chiqib, viloyatimizda yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalarda ishtirok etish istagini bildirishdi.

Viloyatning investitsion salohiyati haqida maʼlumot berish bilan boshlangan uchrashuv davomida xorijlik investorlar uchun Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy koʻchasida, “Tadbirkorlar uyi” yonida qurilishi belgilangan 18 qavatli zamonaviy biznes va savdo markazi hamda mehmonxona loyihasi, Al-Fargʻoniy hamda Saylgoh koʻchalari kesishuvida joylashgan eski amfiteatr oʻrnidagi IT-Park va zamonaviy kutubxona, Fargʻona shahri va tumani tutashgan joyda, Xalqaro aeroport yaqinidagi “Ilgʻor” MFY hududida barpo etilayotgan Ekoshahar hamda kichik sanoat hududi loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

Har bir loyiha investorlar tomonidan alohida eʼtirof etildi. Mehmonlar ushbu loyihalar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan hududlarni koʻzdan kechirish niyatini bildirdi. Yakunda tanlangan loyihaga ushbu sarmoyadorlar guruhi oʻz investitsiyalarini yoʻnaltiradigan boʻldi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.