Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi E.Zohidov mehmonlarga taraqqiyotning yangi davrida yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar haqida soʻzlab berdi.Shuningdek, mehmonlarni Oʻzbekistondagi muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi toʻgʻrisida batafsil axborot bilan tanishtirdi.
Taʼkidlanishicha, bu galgi Prezident saylovining oʻziga xos jihati shundaki, u Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan oʻzgartishga muvofiq ilk marta oktyabr oyida oʻtkazildi. Yana bir muhim yangilik — 2021-yilgi Prezident saylovi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda kechgan saylov jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilgani, yangi siyosiy texnologiyalardan unumli foydalanilgani, aholining siyosiy madaniyati yuksalib borayotgani, xususan, ilk bor ovoz berayotgan yoshlarning faolligi kuzatilgani taʼkidlab oʻtildi. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar eʼtiborga molik ekani qayd etildi.
Muloqotda oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.