Ayni kunlarda nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi (IMO)da ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralashning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Saralash bosqichi uchun boshqa olimpiadalarda foydalanilmagan yangi topshiriqlar tuzish hamda o‘quvchilar bilan kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan xorijiy mutaxassis Grigoriy Chelnokov taklif qilingan.
Grigoriy Chelnokov matematika fanlari nomzodi, Moskva Iqtisodiyot Oliy maktabi Matematika fakulteti o‘qituvchisi. 2000 yildan buyon turli mamlakatlarning terma jamoalarini xalqaro matematika olimpiadasiga tayyorlab kelmoqda.
Xalqaro Jautikov olimpiadasi, Shaharlar turniri, Umumrossiya matematika olimpiadasi kabi olimpiadalarda hakamlar hay’ati tarkibida faoliyat olib boradi. Uning Xalqaro jurnallarda ko‘plab maqolalari chop etilgan. Kombinatorika, sonlar nazariyasi, geometriyaga oid qator masalalar muallifi.
64-Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) 2023 yil 2-13 iyul kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tadi.