Yigʻilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

2022-yil uchun Davlat investitsiya dasturi doirasida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etgan holda jami qiymati 14,2 milliard dollar boʻlgan 111 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgani, shundan yil oxirigacha 2,2 milliard dollar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgani taʼkidlandi. Shuningdek, yil oxirigacha umumiy qiymati 2,4 milliard dollar boʻlgan 29 ta investitsiya loyihasi foydalanishga topshiriladi.

Hududlar va tarmoqlar kesimida yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish jarayoni koʻrib chiqildi. Tender oʻtkazish va tender takliflarini baholash, loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini muvofiqlashtirishga sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkoniyatlari oʻrganildi. Loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarining malakasini oshirish va pudrat tashkilotlari tomonidan loyihalarning hayotga joriy etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Loyihalarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar rahbarlariga yuqoridagi kechikish holatlarining oldini olish, jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalarning maqsadli oʻzlashtirilishini taʼminlash hamda loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilish yakunida tegishli rahbarlarning shaxsiy javobgarligi taʼkidlandi va belgilangan vazifalarni sifatli bajarish doirasida qoʻshimcha topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.