Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda fan olimpiadalari gʻoliblarini ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etilgan.

Mazkur qarorga koʻra dunyoda tan olingan matematika (IMO)fizika (IphO)kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

Unga koʻra,

1-oʻrin (oltin medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (122,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 450 baravar (110,25 mln. soʻm);

2-oʻrin (kumush medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (73,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 250 baravar (61,25 mln. soʻm);

3-oʻrin (bronza medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (49 mln. soʻm), oʻqituvchisiga –150 baravarida (36,75 mln. soʻm).

Taʼkidlash joizki, 2021-yilning iyul-avgust oylarida oʻtkazilgan mazkur xalqaro olimpiadalarida nufuzli oʻzbekistonlik oʻquvchilarimiz tomonidan jami 10 ta (2020-yilda 6 ta) medal, shu jumladan 3 ta oltin (2020-yilda 1 ta), 2 ta kumush (2020-yilda 4 ta) va 5 ta bronza (2020-yilda 1 ta) medallari qoʻlga kiritildi.

Jumladan, 25-iyul – 2-avgust kunlari Yaponiya davlatida oʻtkazilgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasida dunyoning 65 davlatidan 260 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasidan quyidagi oʻquvchilar 1 ta oltin va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

Sobirjon Amanov — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi oltin medal;

Firdavs Sobirov — Buxoro shahri 35-maktab oʻquvchisi bronza medal;

Durdona Muxtorxoʻjayeva — Ibn Sino maktabi oʻquvchisi bronza medal;

Ikromiddin Boymahammadov — Ibn Sino maktabi oʻquvchisi bronza medal.

14-24-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan 62-Xalqaro matematika olimpiadasi oʻtkazildi. Unda dunyoning 110 davlatidan 623 nafar oʻquvchi qatnashib, Oʻzbekiston terma jamoasidan:

Diyorbek Tolipov — Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani

5-ixtisoslashgan matematika maktabi oʻquvchisi kumush medal;

Olimjon Olimov — Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi bronza medalga sazovor boʻldi.

Maʼlumot uchun: yurtimiz oʻquvchilari mazkur olimpiadada soʻnggi bor 2017-yilda kumush medalni qoʻlga kiritgan.

18-23-iyul kunlari Portugaliyada boʻlib oʻtgan 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoning 76 davlatidan 304 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 2 ta oltin va 1 ta kumush medallarini qoʻlga kiritdi:

Xumoyun Norbekov — Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi oltin medal;

Aziza Abduvaliyeva — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi oltin medal;

Yorqinbek Turdiboyev — Navoiy viloyati Navoiy shahri

11-ixtisoslashgan kimyo-biologiya maktabi oʻquvchisi kumush medal.

Maʼlumot uchun: 2020-yilda yurtimiz jamoasi aʼzolari mazkur olimpiadada 1 ta oltin va 2 ta kumush medallarni qoʻlga kiritgan.

17-24-iyul kunlari Litvada oʻtkazilgan 51-Xalqaro fizika olimpiadasida dunyoning 73 davlatidan 365 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasidan Toshkent shahridagi 71-maktab oʻquvchisi Rail Xashayev bronza medal bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston tarixida fizika xalqaro olimpiadasidagi ikkinchi medal, maktab oʻquvchisining ilk medali.

Yuqoridagi nomlari keltirilgan nufuzli xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilari oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Bundan tashqari mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda ham oʻquvchilarimiz munosib ishtirok etib, 31 ta medallarni (2 ta oltin, 14 ta kumush, 15 ta bronza) qoʻlga kiritdi.

55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida ishtirok etgan

7 nafar oʻquvchilarimizning barchasi gʻolib deb topildi.

28 ta davlat oʻquvchilari orasida 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallarini olishga muvaffaq boʻldi;

17 – Xalqaro Jautikov olimpiadasida oʻquvchilarimiz 13 ta medalni – 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 10 ta bronza medal;

6 – Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida oʻquvchilarimiz 5 ta medalllarni – 4 ta kumush va 1 ta bronza medal;

27 – Xalqaro matematika musobaqasida oʻquvchilarimiz yakka tartibdagi olimpiadlarda 6 ta medal – 4 ta kumush va 2 ta bronza, jamoaviy bahslarda kichik yoshlilar jamoasi 3-oʻrin (4 ta bronza medal), katta yoshlilar jamoasi 2-oʻrinni (4 ta kumush medal) qoʻlga kiritdi.

Tadbir doirasida ushbu olimpiadalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarga pul mukofotlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi, Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati.