IAU vakillari Britaniya Kengashi delegatsiyasi uchun oʻtkazgan universitet boʻylab sayohatdan soʻng tomonlar Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetida IELTS test markazini yaratish va ishga tushirish jarayoni tafsilotlarini muhokama qildi.

IAU nomidan bitimni Operatsiyalar boʻyicha prorektor doktor Slavomir Vroblevskiy va Britaniya Kengashi nomidan Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi direktori Denis Uedingem xonim imzoladi.

Mazkur kelishuv Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti va Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi hamkorligini yoʻlga qoʻyishda muhim qadam boʻldi. IAU qoshidagi IELTS imtihon markazining ochilishi Oʻzbekistondagi talabalar va mutaxassislarga xalqaro miqyosda tan olingan ingliz tili imtihonini topshirish uchun qulaylik yaratadi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Doktor Slavomir Vroblevskiy, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining operatsiyalar boʻyicha prorektori:

— Hozirda universitetimiz uchun IELTS imtihon markazining ochilishi strategik jihatdan muhim bosqichdir. Zero, markaz, eng avvalo, boʻlajak oʻquvchilarimizni ingliz tilidan sifatli test sinovlaridan oʻtishlari, xorijda oʻqish va ishlashga tayyorlashga yordam beradi.

Denis Uoddingem xonim, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi direktori:

— Umid qilamizki, markaz nafaqat talabalarga, balki xalqaro miqyosdagi taʼlim va ish bilan taʼminlanmoqchi boʻlgan turli yoshdagi barcha mutaxassislarga yordam beradi.

Maʼlumot uchun: Britaniya Kengashi Buyuk Britaniyaning madaniy aloqalar va taʼlimni rivojlantirish boʻyicha xalqaro tashkiloti boʻlib, u turli mamlakatlarda ingliz tilini sinovdan oʻtkazish boʻyicha ham jahon yetakchisi hisoblanadi.