Unda Kengash a’zolari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva Kengash faoliyatining 2020-yil yakunlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, 2020-yilda mamlakatimiz uchun ustuvor bo‘lgan jami 13 ta xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanganligi, 3 ta xalqaro reytingda ilk marotaba e’tirof etilganligi qayd etildi.

Tadbirda vazirlik va idoralar tomonidan mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rniga ta’sir qiluvchi 12 ta Qonun, 3 ta Kodeks, 14 ta Prezident farmoni va qarori, 15 ta Hukumat qarori loyihalari ishlab chiqilganligi, ulardan 3 ta Qonun, Prezidentning 7 ta farmoni va qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilinganligi ta’kidlab o‘tildi.

Xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida 20 dan ortiq turli seminarlar, uchrashuvlar tashkil etilganligi hamda “II Xalqaro reytinglar forumi”ning ahamiyati alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, mamlakatimiz uchun ustuvor bo‘lgan reytinglarni o‘zida mujassam etgan “O‘zbekiston xalqaro reytinglarda” yagona portali ishga tushirilganligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda hududlarning huquq ustuvorligi milliy indeksi ishlab chiqilganligi, unga asosan endilikda hududlarda huquq ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining ijrosini tashkil etish holati o‘rganilishi hamda jamoatchilikka e’lon qilib borilishi aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rni yaxshilangan bo‘lsa-da, ularning tarkibiy indikatorlaridagi o‘rnimiz pastligicha qolayotganligi qayd etilib, mas’ul vazirlik va idoralar tanqid qilindi.

Yig‘ilish davomida Kengash ishchi organlari - moliya vaziri T.Ishmetov hamda adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejalari loyihalari to‘g‘risida axborot berdilar.

Xususan, joriy yil davomida 7 ta strategiya, 21 ta qonun, 2 ta kontseptsiya, 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Kengash ishchi organlari tomonidan ustuvor xalqaro reytinglarga mas’ul vazirlik va idoralarning amalga oshirayotgan ishlari samaradorligini oshirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Jumladan, vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan tarkibiy bo‘linmalari xodimlari uchun xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning ko‘rsatkichlarini loyihaviy boshqaruvning xalqaro standartlari asosida yaxshilash bo‘yicha maxsus amaliy-malaka oshirish kursini tashkil etish lozimligi taklif qilindi.

Shuningdek, har bir reyting e’lon qilinishi bilan vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan tarkibiy bo‘linmalari xodimlari ishtirokida reyting natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan seminarlarni o‘tkazib borish aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida Kengash a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati