“21-sentyabr – Samarqand davlat universiteti kuni” munosabati bilan “Turk dunyosida taʼlim, ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik va oʻzaro taʼsir” mavzusida xalqaro simpozium oʻz ishini boshladi.

Mazkur nufuzli tadbir oldidan Mirzo Ulugʻbek haykali poyiga gullar qoʻyildi. Shundan soʻng simpozium ishtirokchilari Registon maydonida joylashgan Mirzo Ulugʻbek madrasasida tashkil etilgan “Oʻrta asrlarda Samarqanddagi oliy taʼlim koʻrgazmasi”ning ochilish marosimida ishtirok etdi.

– Bugun Samarqandda oʻtkazilayotgan nufuzli tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman, – deydi Istanbul universiteti rektori, professor Maxmut Ak. – Bu koʻhna kentda buyuk tarixiy shaxslar yashagan, saboq olgan va taʼlim bergan. Shu paytgacha universitetimiz bilan SamDU oʻrtasida hamkorlik ishlari olib borilgan, bundan keyin bu rishtani yanada mustahkamlashga harakat qilamiz. Tarixdan maʼlumki, buyuk olim Ali Qushchi Istambul va Samarqand davlat universitetlarida dars bergan.

Toʻlqin SIDDIQOV