Mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Kasimov kutib oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Devid Xaggertini qabul qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda tennisni yanada rivojlantirish, yirik xalqaro musobaqalar oʻtkazish, tennis taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda mutaxassis va hakamlarimizning malakasini oshirish uchun Xalqaro federatsiya grantlarini ajratish, ularni ATP va WTA turnirlariga koʻproq jalb qilish, oʻzbekistonlik tennis mutasaddilarini xalqaro tashkilot boshqaruvidagi nufuzli boʻlimlarda faoliyat olib borishini taʼminlash singari masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati Devid Xaggerti bilan oʻzbek tennis maktabining xalqaro arenadagi mavqeini yanada mustahkamlash boʻyicha oʻzaro fikr almashdi. Shuningdek, mazkur tadbirda Oʻzbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda Toʻlaganova ham qatnashdi.
Mehmon poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabida ham boʻldi. U yerda yosh sportchilarning mashgʻulotini kuzatib, ularga maslahatlar berdi va esdalik uchun suratga tushdi. Shundan soʻng, Devid Xaggerti Temuriylar tarixi davlat muzeyida oʻzbek xalqi madaniyati va tarixi, davlatchiligimizning rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishdi.