Xalqaro yashil haftaligi Oʻzbekiston agrobiznesi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi

    Agrosektor 20 Yanvar 2023 1026

    2023-yil 19-21-yanvar kunlari Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya vakillari “Xalqaro yashil haftalik (IGW)” oʻtkazilayotgan Berlin shahrida (Germaniya) rasmiy tashrif bilan boʻlib turibdi.

    Haftalik doirasida qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik va xalqaro oziq-ovqat koʻrgazmasi tashkil etiladi. Unda respublikamiz “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” stendini taqdim etadi.

    240 kvadrat metr maydonga joylashtirilgan Oʻzbekiston stendida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, mamlakatimiz viloyatlari va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorlarning milliy mahsulotlari namoyish etilyapti. Jumladan: 227 turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, qayta ishlangan sut va goʻsht mahsulotlari, yogʻ va yogʻ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari, un va un mahsulotlari, margarin mahsulotlari va boshqalar oʻrin olgan. Bundan tashqari, oʻzbekistonlik oshpazlar har kuni milliy taomlarni (shoʻrva, somsa, non va boshqalar) tayyorlab, koʻrgazma mehmonlarini siylaydi.

    Oʻzbekiston tadbirkorlari “Yashil haftalik”da boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatida ishtirok etib, turli mahsulotlarni import va eksport qilish boʻyicha shartnoma va bitimlar tuzishga tayyor. Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni kengaytirishni rejalashtirgan. Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasida savdo-bozor munosabatlarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, mamlakatimizda yetishtirilayotgan zotli qoramol, goʻsht va goʻsht-sut mahsulotlarini import qilish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirildi. Germaniya tomoni mamlakatimizning baliqchilik tarmogʻiga ham qiziqish bildiryapti.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning “Yashil haftalik”da ishtirok etishidan koʻzlangan maqsad — qator muzokaralar olib borish, shuningdek, umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq eksport shartnomalarini tuzishdan iborat, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Xalqaro yashil haftalik (IGW) — bu oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va bogʻdorchilik boʻyicha xalqaro savdo yarmarkasi hisoblanadi.

    Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari tashrif buyurib, koʻrgazma maydonida oʻz mahsulotlarini namoyish etadi.

    Soʻnggi yillarda ular fermerlarga zamonaviy xizmatlarni (masalan, qishloq joylarda xarid qilish va dam olish), shuningdek, qayta tiklanadigan energiya va resurslar haqida maʼlumotlarni taklif etyapti. Koʻrgazmada Germaniya va boshqa mamlakatlardan qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, bogʻdorchilik va baliqchilikning barcha yoʻnalishlaridan vakil va mutaxassislar ham ishtirok etyapti.

    Koʻrgazmaning tematik boʻlimlari quyidagilardan iborat: yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari; qishloq joylari uchun koʻngilochar dam olish; fermer xoʻjaligi tadbirlari; organik mahsulotlar; qayta tiklanadigan resurslar; xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari; fast food taomlari; kelajakdagi oziq-ovqat tendensiyalari; vino; agrosanoat; gullar; chorvachilik.